“Chorsu” bozori hojatxonasida saqlangan quruq mevalar, joynamozlar, kafanlik va diniy kitoblarni o‘marmoqchi bo‘lgan residivistga hukm o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Akmal Yuldashev raisligida o‘ta xavfli residivistga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi – o‘ta xavfli residivist soat 18:30 dan 23:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida “Eski Juva” dehqon bozoridagi do‘konlardan biri oldida, do‘kon egasiga tegishli qiymati 540.000 so‘mlik 12 kilogramm turshak, 400.000 so‘mlik 20 kilogramm yeryong‘oq, 200.0000 so‘mlik 10 kilogramm chilon jiydasi, 150.000 so‘mlik 6 kilogramm kungaboqarli kazinakni yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan. Biroq IIB xodimlari tomonidan ushlanib, jinoyatni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmagan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi o‘zining jinoiy xarakatlarini davom ettirib, tungi vaqtda uch nafar jinoiy sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktiradi. “Chorsu” bozorida joylashgan xojatxona eshigini buzib, xojatxonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ichkarida bo‘lgan jami narxi 6.000.000 so‘mlik 5 qop bodomni va 1.000.000 so‘mlik 4 dona joynamoz, 10 metr material, bir “rulon” sochiqlar, 1 dona paranji, bir dona “Oyatal kursi” yozilgan choyshab va bir dona kafanlikni yashirin ravishda qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 25, 169-moddasi 4-qismining “b” bandiga asosan aybdor deb topildi va unga nisbatan JK 25, 169-moddasi 4-qismining “b” bandi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining 2009 yil 5 iyundagi hukmi bilan JK 34-moddasi 3-qismining “b” bandiga asosan o‘ta xavfli residivist deb topilganligi e’tirof etildi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab yigirma sutka muddat ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar esa hukm nusxasini olgandan so‘ng shu muddat ichida Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi orqali Toshkent shahar sudiga apellyasiya tartibida protest yoki shikoyat keltirishlari mumkin.
