Chiqindilar «Zargarlik»dan chiqadimi? yoxud «Eko house» nega juftakni rostladi?

Chiqindilar «Zargarlik»dan chiqadimi? yoxud «Eko house» nega juftakni rostladi?

Zargarlik mahallasi Jizzax shahrining markazida joylashgan. Mazkur fuqarolar yig‘inidagi 12 mingdan ziyod aholi chiqindilar vaqtida olib ketilmayotgani, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga yetarli e’tibor qaratilmayotganidan aziyat chekmoqda. Mutasaddilarning beparvoligi odamlarni xunob qildi. Bu haqda Mahalla nashri yozmoqda.

Mahalla markazidagi 19-umumta’lim maktabi bilan 26-ko‘p kavatli uy oralig‘idagi ko‘chadan biroz yursangiz, 28-ko‘p qavatli uy ro‘parasidagi chiqindixonaga duch kelasiz. Taralayotgan badbo‘y hid ko‘ngilni aynitadi.

28-uyda yashaymiz, deydi Malohat ismli ayol. Kun biroz isishi bilan chiqindixonada pashshalar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Bolalarni-ku, tashqariga chiqarmay qo‘yganmiz. Derazani ochsangiz xona ichi turli hasharotlar bilan to‘ladi. Chiqindilarni olib chiqib ketish uchun har bir xonadondan jon boshiga 2 ming 200 so‘mdan yig‘ib olishadi. Ayrimlar 6 oy, bir yillik badalni to‘lab qo‘ygan. Endi bilsak, chiqindi oladigan Eko House tashkiloti odamlar to‘lov qilmayapti, deb juftakni rostlabdi.

Toza hudud davlat unitar korxonasining Zafarobod tumani filialidan hasharga kelgan Muso Eshimovning ta’kidlashicha, 10 kundan buyon 12 ta mashina bilan chiqindi tashib ketilmoqda.

Eko house nega juftakni rostladi?

Mahalla hududini ko‘zdan kechirganimizda ko‘p qavatli uylar, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish shoxobchalari atrofi begona o‘tlar iskanjasida ekanini ko‘rib og‘rindik. Har qadamda polietilen parchalari, oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlari sochib tashlangan. Achinarlisi, bu hol na mahalla faollarini va na aholini tashvishga solgan. Aks holda Zargarlik mahallasining ayni paytdagi qiyofasi boshqacha bo‘lmasmidi?

Mahallamizda 2 ming 165 ta xonadon bor, deydi yig‘in raisi Sa’dulla Meliboyev. 2019 yil uchun Eko House mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan chiqindilarni o‘z vaqtida tashish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. Ko‘pgina fuqarolarimiz oldindan to‘lov qilishdi. Lekin Eko House tashkiloti shartnoma shartlarini bajarmadi. Mart oyining so‘ngiga kelib, mahalladagi 3 ta chiqindixona o‘z holiga tashlandi. Shu bois Toza hudud davlat unitar korxonasi va Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi bilan qayta shartnoma qilishga majbur bo‘ldik. Ayni paytda ular butun kuchni mahallamizga tashlagan.

Eko House mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Oybek Nomozboyevnig ta’kidlashicha, haqiqatan ham, korxona yil boshida Jizzax shahridagi 27 ta mahalla bilan shartnoma imzolagan. Ikki tomonlama imzolangan shartnomaga ko‘ra, chiqindi uchun har jon boshiga 2 ming 200 so‘mdan to‘lov belgilangan. Aholi soni aniqlangandan so‘ng ko‘rsatayotgan xizmat uchun oyiga 211 million so‘m mablag‘ tushishi oydinlashdi. Biroq ushbu mahallalar yanvar oyidayoq shartnoma shartlarini buzgan. Yil boshida amal-taqal qilib, 7 million so‘m, fevral oyida esa bor-yo‘g‘i 63 million so‘m tushum bo‘lgan.

Korxona xarajatlarini hisob-kitob qilsak, har oyga ish haqi, 13 avtomashinaning yoqilg‘isi va boshqa chiqimlar bilan o‘rta hisobda 150 million so‘m zarur, deydi Eko House mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Oybek Nomozboyev. 2 oy badaliga ko‘rsatilgan 422 million so‘mlik xizmatning 70 millioni to‘lab berilsa, bu bankrot sari yo‘l degani emasmi? O‘rganishlarimiz davomida aynan Zargarlik mahallasi fuqarolaridan bor-yo‘g‘i 200 kishi to‘lov qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bir yil yoki olti oyga to‘lov qilganlar ham, shikoyat qilayotganlar ham shular.

Ayni paytda Zargarlik mahallasidagi 54 ta ko‘p qavatli turarjoy binolariga 5 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatmoqda. Shirkatlar tomonidan o‘tgan yili ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, uy-joy fondlarini ta’mirlash, uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Binolarning fasad qismi, tomi, yerto‘lalarida joriy va kapital ta’mirlash ishlari uddalandi. Biroq bugungi kunda ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, gulzorlar barpo etish e’tibordan chetda qolayotir.

6 ta to‘rt qavatli uylarga xizmat ko‘rsatamiz, deydi Zargarlik mahallasiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan Jizzax yoquti xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Mavjuda Abdukarimova. O‘tgan yili 130 million so‘mlik kredit evaziga 39-uyning kirish yo‘lagi, ayvonchasi, tomi ta’mirlandi. Temir eshiklar, raqamli qulflar o‘rnatildi. Yo‘laklar betonlashtirildi. Biroq aholida hanuzgacha jamoat mulkiga egalik hissini shakllantira olmayapmiz. Hali ham ko‘pchilik atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq. Uylar atrofining begona o‘t bosayotgani, dov-daraxtlarga shakl berilmayotgani va nihoyat, atrofni chiqindi bosayotgani sababi ham ana shunday sansalorlik natijasida yuzaga kelmoqda.

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish hududlarning ekologik jihatdan xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi. Yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal etishning birdan bir yo‘li esa ko‘rsatilayotgan xizmat haqini o‘z vaqtida to‘lashdir. Bugun Jizzax shahrini Toza hudud davlat unitar korxonasi va Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi chiqindilardan tozalamoqda. Bu tashkilotlarga ham to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmas ekan, kun kelib ular ham Eko House mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi yo‘l tutishi turgan gap. Bu haqda Jizzax shahar hokimligining mutasaddilari jiddiyroq o‘ylab ko‘rsalar, mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borsalar ayni muddao bo‘lardi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!