Chaqaloqqa qancha suv ichirish kerak?
Ko‘pchilik yosh onalar “Chaqaloqqa qancha suv ichirish kerak?” deb so‘rashadi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra ko‘krak suti balan parvarishlanayotgan bolalarga 6 oylik bo‘lgunlaricha suv ichirmasa ham bo‘ladi. Chunki barcha kerakli suyuqlikni go‘dak ona sutidan oladi. Sun’iy aralashmalar berib boqilayotgan bolaga ovqatlanishlar oralig‘ida 20-30 millilitr (bir oshqoshiq) suv berish mumkin.
Issiq kunlarda bolaga suvni faqat ovqatlantirishlar oralig‘ida, ya’ni kun davomida bir oylik chaqaloqlarga uch qoshiqdan, 3 oylikkacha bo‘lganlariga 3-6 oshqoshiqdan, yarim yoshgacha 6-12 oshqoshiqdan, 6 oylikdan 1 yoshgacha 1 stakandan ko‘p suv bermaslik kerak. Bolaga beriladigan suv toza, uzoq turib qolmagan, gazsiz bo‘lishi kerak.
Tabiiy-ki, bunda go‘dak organizmining suvga ehtiyoji ham hisobga olinadi. Go‘dakka suvni majburlab ichirish kerak emas. O‘zi qancha hohlasa shuncha ichsin, lekin me’yordan oshmasin.
Endi ko‘pchilik yosh onalar bola organizmida suvsizlanish alomatlarini qanday aniqlash mumkin deb so‘rashadi? Organizm suvsizlanganida go‘dak lanj bo‘lib qoladi, yig‘lashga ham madori bo‘lmaydi. Bunday vaqtda bolada peshob miqdorining kamayishi, lablari qurishi, liqildog‘i cho‘kishi, teri bujmayishi, uyquchanlik, qo‘l va oyoqlarning sovib, oqarishi, puls (tomir urishi) susayishi, ko‘zlar ich-ichiga botishi kabi holatlar ro‘y beradi. Shu singari belgilar kuzatilganda bolaga darhol suv ichirish kerak.
Organizm suvsizlanganda shifokor ko‘rigi albatta, zarur. Go‘dakka birdaniga ko‘p suyuqlik bera ko‘rmang, aks holda bu uning buyraklariga ziyon yetkazishi mumkin. Ayniqsa yoz oylarida kichkintoyingizni suvsizlanib qolishidan ehtiyotlang.