Buxoroda noqulay ob-havo: xalqaro festivalning ochilish marosimi boshqa kunga qoldirilishi mumkin

Buxoroda noqulay ob-havo: xalqaro festivalning ochilish marosimi boshqa kunga qoldirilishi mumkin

Buxoro shahar hokimligida xalqaro zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik san’ati festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalar vakillari, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiyadan o‘tgan va O‘zbekistonda doimiy faoliyat yuritayotgan xorijiy jurnalistlar, markaziy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar qatnashdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev, Turizm va madaniy meros vazirining o‘rinbosari Botir Shahriyorov, O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev, Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovlar yig‘ilganlarga xalqaro zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik san’ati festivali doirasi amalga oshiriladigan tadbirlar haqida axborot berdi.

Anjumanda Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilishi ham ma’lum qilindi.

Bugun, 21 may kuni soat 19:00da xalqaro festivalning ochilish marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Noqulay ob-havo, ya’ni Buxoroda chang bo‘roni bo‘layotgani sababli xalqaro festivalning ochilish marosimi boshqa kunga ko‘chirilishi mumkinligi aytildi.

Ta’kidlanganidek, 4 kun davom etadigan xalqaro festivalda Respublikamizning barcha hududlaridan 288 nafar hunarmandlar qatnashmoqda. Shulardan 110 nafari zargar, 37 nafari zardo‘z, 44 nafari kashtado‘z, 97 nafari hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotganlar.

Festivalda 58 ta davlatdan 221 nafar xorijliklar ishtirok etmoqda. Shulardan 112 nafari hunarmandlar. Shuningdek, 9 nafar faxriy mehmon, 4 nafar yuqori martabali xorijlik davlat arboblari ham bor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!