«Britancha shtamm» Fransiya va Yaponiyaga ham kirib bordi
Dastlab Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi Yaponiya va Fransiyada ham qayd etildi. Ushbu mamlakat hukumatlari ilk kasallanish holatlari aniqlanganini ma’lum qilgan, deb xabar beradi «RBK».
Le Parisien gazetasining Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga tayanib yozishicha, koronavirusning «britancha shtammi» bilan birinchi kasallanish holati Tur shahrida qayd etilgan. Virusni yuqtirib olgan fuqaro fransiyalik bo‘lib, u 19 dekabr kuni Londondan mamlakatga qaytib kelgan. Bemorda kasallik belgilari yo‘q bo‘lib, hozirda u karantinga joylashtirilgan.
Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligi esa yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha beshta holat qayd etilganini ma’lum qildi. Ularning barchasi Buyuk Britaniyadan kelgan bo‘lib, hozirda barchasi izolyasiyaga olingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi byurosi direktori Xans Klyugening so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi shtammi Yevropaning sakkizta mamlakatida aniqlangan.
«Evropadagi sakkizta mamlakatda COVID-19 qo‘zg‘atuvchisining yangi varianti — VOC-202012/01 qayd etildi», — deb yozadi Klyuge. Uning ta’kidlashicha, virusning yangi varianti oldingisidan farqli o‘laroq, aholining yosh qatlami orasida tarqalmoqda.
JSST vakili dunyo mamlakatlarini virus tarqalishini oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirishga, jumladan, niqob taqish va ijtimoiy masofalanishni nazorat qilishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14 dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20 dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.