Boliviya kuchli suv toshqinlari tufayli favqulodda holat e’lon qildi

Boliviya hukumati mamlakatni qamrab olgan kuchli suv toshqinlari tufayli favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Luis Arse ma’lum qildi.
"Tabiiy ofatlar bizni mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishga majbur qilmoqda. Bugun biz tegishli farmonni e’lon qildik, u yetkazilgan zararga qarshi kurashda ishtirok etgan barcha shaxslarning ishini tezlashtiradi", — dedi Boliviya prezidenti.
Arse shuningdek, 2024 yil noyabr oyidan buyon mamlakatda tabiiy ofat oqibatlari tufayli 51 kishi halok bo‘lgani, 8 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, 370 mingdan ortiq oila jabr ko‘rdi, 100 mingdan ortiq fuqaro boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Unga ko‘ra, respublikaning 9 viloyatidagi 209 ta shaharga jiddiy moddiy zarar yetkazilgan, 800 dan ortiq uy vayron bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga 4 mingdan ortiq kishi jalb qilingan. Tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlarga allaqachon 234 tonna gumanitar yordam yetkazilgan.
O‘tgan hafta Boliviya Senati Lotin Amerikasi va Karib havzasi taraqqiyot bankidan toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun 75 million dollar ajratishni ma’qulladi.
Boliviyada yomg‘irli mavsum 2024 yilning noyabrida boshlandi va oxirgi kunlarda vaziyat yomonlashdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu so‘nggi 40 yildagi eng kuchli yog‘ingarchilikdir.