Bojxonadan 5 kg “klefedron” gyohvandlik moddasini olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
O‘zbekistonga yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositasi — «klefedron»ni olib kirishga urinish bojxonachilar tomonidan to‘xtatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 31 yoshli taksi haydovchisi notanish shaxslardan 2 dona «reduktor» avto ehtiyot qismini 200 dollar evaziga qabul qilib, «Navoiy» chegara bojxona postiga yetkazib bergan. Reduktorlarni post orqali o‘tkazish uchun esa 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroni 150 ming so‘mga jalb etgan.
Tovarlar nazorat-rentgen qurilmasida shubhali aks etgani bois, ular belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Natijada har bir reduktor ichiga 3 tadan, jami 6 ta o‘ram yashirilgani aniqlandi. Ekspertizaga ko‘ra, o‘ramlardan salkam 5 kilogramm «klefedron» sintetik giyohvandlik moddasi chiqqan.
Tezkor tadbir doirasida ehtiyot qismlarini qabul qilib, zanjirning so‘nggi bo‘g‘iniga yetkazishi kerak bo‘lgan kuryer ham Toshkent shahrining Yashnobod tumanida qo‘lga olindi. Kuryer 2 ta telefon raqami orqali «Vitaliy» deb tanishtirilgan shaxsning ko‘rsatmasiga binoan moddalarni ikki nafar fuqaroga topshirishi kerak bo‘lgan. Ular «tovar»ni poytaxtdagi 5 ta manzilga tarqatishni rejalashtirgan.
Ayniqsa, taksi haydovchisi, tashmachi va kuryer ehtiyot qismlari ichida sintetik modda borligidan bexabar bo‘lgani ma’lum qilindi. Ammo bu holat ularni javobgarlikdan ozod etmaydi.
Prezidentning 3 noyabrdagi farmoniga muvofiq, uyushgan guruh tomonidan giyohvandlik vositalarini transchegaraviy tarzda o‘tkazish uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Bojxonachilar joriy yil davomida 1,6 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘ygan.
Hodisa yuzasidan JKning 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
