Bloger Olimjon Haydarov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Bloger Olimjon Haydarov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida Olimjon Haydarov (1989 yilda Rossiya Federasiyasida tug‘ilgan, bloger, “Turon mujdasi” va “Turon valley media” MCHJlari direktori, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi A. Ergashev e’lon qilgan hukmga ko‘ra:

O. Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarilib, O. Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi O. Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatildi.

Jabrlanuvchi S. M. ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-prosessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi ma’lum qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!