Bir oilaning boshiga yetgan jinoyatchiga umrbod qamoq jazosi berildi

Bir oilaning boshiga yetgan jinoyatchiga umrbod qamoq jazosi berildi

14 sentyabr dushanba kuni Isroilning Lod tumani sudi yahudiy ekstremistni aybdor deb topib, unga uchta holatda umrbod qamoq jazosi tayinlanganini ma’lum qildi. Ushbu shaxs 2015 yilda falastinliklar yashaydigan uyga o‘t qo‘yib yuborgan. Natijada, uy ichkarisida bo‘lgan to‘rt kishidan uchtasi halok bo‘lgan.

Lod tumani sudi G‘arbiy Sohilda yashagan yahudiy Amiram Ben-Uliyelni 18 oylik go‘dak Ali Davabshehni uyga o‘t qo‘yish orqali o‘ldirganlikda aybdor deb topdi. Alining otasi Saad va onasi Riham ushbu yong‘inda olgan jarohatlari tufayli keyinchalik vafot etishdi. Ushbu jinoyatdan faqatgina Alining 4 yoshli akasi Ahmad tirik chiqqan.

Sudya Ben-Uliyelning harakatlari puxta o‘ylangan rejalar asosida amalga oshirilganini, jinoyatchi radikal qarashlarga ega bo‘lgani va irqchi bo‘lganini aytdi. Shuningdek, sud tomonidan Ben-Uliyelga o‘qilgan hukm qonunlarda belgilangan eng og‘ir jazoga yaqin ekani ham ta’kidlandi.

“Sudning qarori menga nima beradi? Uning Ahmadga qanday foydasi bor. Qaror Ahmadga hech narsani qaytarib berolmaydi”, deydi Ahmad va Alining bobosi Husayn Davabsheh.

Mazkur jinoyat sodir etilgan 2015 yilda bosib olingan G‘arbiy Sohilda yahudiy eksterimistlari tomonidan falastinliklarga hujumlar avj olgandi. G‘arbiy Sohildagi Duma qishlog‘ida yuz bergan ushbu holat esa ko‘pchilikning e’tiborini tortdi va Isroil siyosiy figuralari tomonidan qoralandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!