Bir kunda qamal ostidagi G‘azoda yana olti kishi, jumladan bir bola ochlikdan halok bo‘ldi
Isroil armiyasi tomonidan qamal qilingan G‘azo sektorida so‘nggi 24 soat ichida yana olti nafar falastinlik, jumladan bir bola ochlik va o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan halok bo‘ldi.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon anklavda ochlikdan halok bo‘lganlar soni 367 nafarga yetdi, ulardan 131 nafari bolalardir.
BMT qo‘llab-quvvatlagan Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlari tasnifi (IPC) 22 avgust kuni e’lon qilgan hisobotida G‘azo shahrida “halokatli ocharchilik” mavjudligini tasdiqlagan. Hisobotda 15 avgust holatiga ko‘ra, G‘azo sektoridagi vaziyat “halokatli” deb nomlanuvchi IPCning 5-darajasiga yetgani qayd etilgan.
“22 oylik shafqatsiz hujumlardan so‘ng G‘azo sektorida yarim milliondan ortiq odam ochlik, qashshoqlik va o‘limga olib keluvchi sharoitlarga duch keldi”, — deyiladi hisobotda. Faqatgina 22 avgustdan buyon o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan 89 kishi, jumladan 16 bola halok bo‘lgan.
G‘azo “ochlikdan o‘lmoqda”
G‘azo sektori Isroilning qattiq blokadasi ostida bo‘lib, gumanitar yordam kirishi keskin cheklangan. Bu esa aholini ichimlik suvi, dori-darmon, tibbiy anjomlar va gigiyena vositalari tanqisligiga duchor qilmoqda. Ayniqsa bolalar og‘ir ahvolda qolmoqda, ochlikdan o‘limlar soni kun sayin ortib bormoqda.
2,3 million aholi yashaydigan G‘azoda Isroil hujumlari va buyruqlari oqibatida 2 million kishi ko‘chirilgan. Ular asosiy resurslardan mahrum holda vaqtinchalik chodirlar yoki gavjum maktab binolarida yashashga majbur bo‘lib, sanitariya sharoitlari yo‘qligi tufayli yuqumli kasalliklar keng tarqalmoqda.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari oqibatida kamida 63 633 falastinlik halok bo‘ldi, 160 914 nafar yaralandi. 2025 yil 18 martdan beri, Isroil otashkesim kelishuvini buzganidan so‘ng esa 11 502 kishi halok bo‘ldi, 48 900 kishi jarohat oldi.
Xalqaro va mahalliy tashkilotlar Isroilni ochlik va tashnalikdan qurol sifatida foydalanishda ayblab, jahon hamjamiyatini blokadani bekor qilishga va tinch aholi hayotini saqlab qolish uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirmoqda.
