Belgiya TIV: Falastinning tan olinishi Isroil uchun aniq signaldir
Belgiya hukumati Isroilga kuchli signal yuborish va G‘azo sektoridagi voqealarni “aniq genosid” sifatida baholash maqsadida Falastin davlatini tan olishga qaror qildi. Bu haqda Belgiya tashqi ishlar vaziri va bosh vazir o‘rinbosari Maksim Prevo “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Prevoning so‘zlariga ko‘ra, Belgiyadagi hukmron koalisiya doirasida Falastinni tan olish yuzasidan kelishuv imzolanishi Isroilga aniq xabar yuborishni anglatadi:
"Bu xabar Isroil hukumati noqonuniy aholi punktlarini kengaytirish va falastinliklarga insonparvarlik yordamini to‘sishni to‘xtatishi lozimligini ko‘rsatadi."
“Bu aniq genosid”
Belgiya TIV rahbari G‘azodagi halokatli gumanitar vaziyatga alohida e’tibor qaratdi:
"Juda ko‘p ayollar, bolalar va tinch aholi ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Agar ikki xalq uchun ikki davlat yechimi amalga oshirilishi lozim bo‘lsa, bizga ikkita davlat kerak. Bugungi kunda Isroil hukumatining pozisiyasi bu istiqbolni xavf ostiga qo‘ymoqda."
Prevo o‘z shaxsiy fikri sifatida G‘azodagi voqealarni genosid deb hisoblashini ta’kidladi. Shu bilan birga, u genosidni rasman tan olish Belgiya hukumatining emas, sud hokimiyatining vakolati ekanini qayd etdi.
Sanksiyalar va Yevropa Ittifoqi ichidagi kelishmovchiliklar
Belgiya TIV rahbari Isroilga qarshi sanksiyalar yuzasidan Yevropa Ittifoqida umumiy qaror qabul qilish qiyin kechayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ayrim davlatlar tarixiy omillar sabab sanksiyalar qo‘llashdan bosh tortmoqda.
"Bu holatda biz Isroilga uning xatti-harakatlari qabul qilib bo‘lmasligini ko‘rsatish uchun qat’iy ko‘pchilik ovozini yo‘qotmasligimiz zarur," dedi Prevo.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Belgiya Falastinni tan olish to‘g‘risidagi qarorni AQShning pozisiyasidan mustaqil ravishda qabul qilgan.
“EI tashqi siyosatga ishonch so‘nmoqda”
Prevo Germaniya va boshqa YEI davlatlarining pozisiyalariga ham to‘xtalib, ularning ayrim cheklovlar joriy etganini muhim qadam sifatida baholadi. Biroq u qat’iy bayonotlar va aniq qarorlarsiz Yevropa Ittifoqi tashqi siyosatga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishini ta’kidladi.
"Shuning uchun biz YEI sifatida Isroilga aniq va uzil-kesil signal yuborishimiz kerak," dedi u.
Fevral oyidan buyon vazirlik lavozimini egallab kelayotgan Prevo G‘azodagi vaziyatni oldindan tasavvur qilmaganini, ammo endilikda harakat qilish vaqti kelganini bildirdi.
