Beeline’ning aloqa sifatini o‘rganish boshlandi

Beeline’ning aloqa sifatini o‘rganish boshlandi

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi «Unitel» MCHJ (Beeline)da tekshiruv tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Davlat inspeksiyasidagi manbaning Kun.uz’ga xabar berishicha, tekshiruv fuqarolarning mobil aloqa xizmatlarining qoniqarsiz taqdim etilishi bo‘yicha shikoyatlari asosida o‘tkazilmoqda. Bildirilishicha, fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya etish jamiyat rivojida muhim ahamiyatga egadir.  

Taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganish qator mezonlarga asoslanadi. Ular orasida: xizmatning mavjudligi - bu operator tomonidan iste’molchiga uning iltimosiga binoan tarmoq xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish; xizmatning yaxlitligi va uzluksizligi - telekommunikasiya xizmatining sifati hamda uning yakunlanishini ta’minlashdan iborat.

Telekommunikasiya xizmatlari sifati masalalari bo‘yicha murojaat qilishni istagan fuqarolar Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining 1144 ishonch telefonidan foydalanishlari mumkin.

Qayd etilishicha, kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, boshqa aloqa operatorlari va provayderlarni tekshirish tadbirlari tashkil etiladi. 

Ma’lumot uchun: «Unitel» kompaniyasi 1996 yilda asos topgan. Kompaniyaning tijorat faoliyati 1997 yilning 25 sentyabr kuni boshlangan. 2006 yilning 12 sentyabr kunidan «Unitel» MCHJ «Beeline» savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!