Baxtli oila qurish sabablaridan biri… (sovchilik masalasi)
Yangi oila barpo qilishga ilk qadam sovchilikdan boshlanadi. Sovchi – oila barpo qilishdek savobli va mas’uliyatli ishni amalga oshiruvchidir. Shu boisdan sovchilik mobaynida ikki taraf nimalarga e’tibor qilishi kerakligi borasida dinimiz ko‘rsatmalariga nazar solamiz.
Sovchilik – yosh yigitni yoki qizni nikohlash uchun bir xonadonga borish demakdir. Sovchilik faqat yigit tarafidan emas, balki qiz tarafdan ham bo‘lishi mumkin. Sovchilikning bu ikki turi ham o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi:
– nikohlanuvchining o‘zi sovchi bo‘lishi;
– sovchilik uchun boshqa birovni vakil qilishi.
Bularning hammasini qo‘shib aytadigan bo‘lsak, sovchilik to‘rt turga bo‘linadi.
Birinchisi, yigitning o‘zi sovchi bo‘lishi. Bu holat sahobai kiromlar orasida ham, undan keyin ham ko‘p bo‘lgan. Xalqimizda bu turdagi sovchilik urf bo‘lmasa-da, ba’zi hollarda eshitib qolamiz. Bu turdagi sovchilikka misol qilib Ali karromallohu vajhahuning Fotima onamizga sovchi qo‘yganliklarini keltirishimiz mumkin.
Ikkinchisi, yigit sovchilik uchun biror kishini vakil qilishi. Bu turdagi sovchilik Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrida ham hozir ham sovchilikning eng ommabop turi bo‘lgani bois bunga ortiqcha izoh berishga hojat yo‘q. Biroq, shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishimiz lozim. Sovchilikning bu turiga oid ko‘plab rivoyatlar mavjud. Bu rivoyatlarning deyarli barchasida vakil bo‘lgan kishilar erkak kishi bo‘lgan. Shulardan Bilol roziyallohu anhuning o‘z ukasi nomidan, Umar roziyallohu anhuning farzandlari nomidan qilgan sovchiliklari mashhur. Ularning hech qaysisi mol-dunyo, kelin-kuyovning sarpolari haqida og‘iz ham ochmagan. Shu boisdan ham ayollar o‘rniga erkaklar sovchilik qilsa, yangi oila barpo qilishdek savobli ishga o‘zlari bosh bo‘lsa arzimas dunyo matolari deb ko‘plab oilalar buzilib ketmas edi. Mana shunday qat’iyat, yaxshi niyat, ixlos bilan qurilgan oilalardan Umar ibn Abdulazizdek odil insonlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek zabardast olimlar dunyoga kelgan bo‘lar edi.
Uchinchisi, qiz yoki ayolning o‘zi sovchi bo‘lishi. Dinimizda sovchilikning bu turi ham mavjud. Biroq, ayollarning sha’nini ulug‘lash uchun bu sovchilik deb emas “taklif” deb yuritilgani hamda bizning urfimizda bu holat deyarli sodir bo‘lmagani uchun odamlar mumkin emas deb o‘ylab qolishgan. Bu turdagi sovchilikka misollar juda ko‘p. Xadicha onamiz nikohiga olishlari uchun o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga taklif qilganliklari ham ayni haqiqat. Aslida, nikoh o‘z umrini birga o‘tkazish uchun solih, odob-axloqli, xushfe’l va salohiyatli juft topish bilan bo‘ladi. Shu boisdan ham Xadicha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdagi omonatdorlik, go‘zal odob-axloqni ko‘rgani uchun ayolligiga ham, yoshining kattaligiga ham qarab turmasdan o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga taklif qildilar. Natijada, butun insoniyatning sayyida ayollaridan biriga aylandilar. Qiyomatgacha odamlar yaxshi nom bilan, muhabbat bilan, duolar bilan tilga oladigan insonga aylandilar.
To‘rtinchisi, qiz yoki ayol nomidan vakil kishining sovchi bo‘lishi. Sovchilikning bu turi ham juda mashhur. Alloh taoloning kalomi sharifida ham sovchilikning bu turi borasida quyidagicha oyat mavjud:
قَالَ إِنِّي أُرِيدُ أَنْ أُنْكِحَكَ إِحْدَى ابْنَتَيَّ هَاتَيْنِ عَلَى أَنْ تَأْجُرَنِي ثَمَانِيَ حِجَجٍ
(Shuayb alayhissalom) aytdi: “Menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman…” ("Qasas" surasi, 27-oyat).
Oyatda Shuayb alayhissalom Muso alayhissalomga o‘z qizlaridan birini taklif qilgani keltirilmoqda. Bunday turdagi sovchilik ham juda mashhur. Umar roziyallohu anhu va boshqa sahobalar, qolaversa, ko‘plab ulamolarimiz hayotida ham o‘z qizlari uchun sovchi bo‘lganini uchratishimiz mumkin.
Sovchilik qanday turlarga bo‘linishini bilib oldik. Endi mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan holatlarini mulohaza qilib ko‘rsak. Dinimizda biror bir kishining nikohi (yoki unashtiruv) ostida bo‘lmagan, musulmon yoki ahli kitob ayollarga sovchi qo‘yishga izn beriladi.
Quyidagi holatlarda esa ayollarga sovchi qo‘yib bo‘lmaydi:
Boshqa bir musulmonning ayoli bo‘lsa;
Alloh taolo O‘z kalomi sharifida shunday buyuradi:
“… Yana, erli xotinlar… (nikohi ham harom qilindi)…” ("Niso" surasi, 24-oyat).
Boshqa birovga unashtirilgan bo‘lsa;
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam musulmon kishi boshqa bir musulmon qo‘ygan sovchi ustiga sovchi qo‘yishdan qaytarganlar. Ikki sovchining bir vaqtda kelib qolishi sovchilik ustiga sovchi qo‘yish hisoblanmaydi.
Taloq iddasida o‘tirgan ayolga;
Biroq, bunda bir jihatga e’tibor qaratish lozim. Agar ayol taloq iddasida emas, balki eri vafot etgani sababli idda o‘tirgan bo‘lsa, iddasi vaqtida erkak kishi unga uylanish istagi borligi haqida yaqin qarindoshlari orqali ishora qilib qo‘yishi mumkin.
Mushrika ayolga;
Alloh taolo marhamat qiladi:
“Mushrika ayollarni, to iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang…” ("Baqara" surasi, 221-oyat).
Ota-bobolarimiz muqaddas dinimiz buyruqlarini o‘z hayotiga dasturul-amal qilib olganlar. Buning isbotini hayotning turli sohalarida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, nikoh borasida ota-bobolarimiz dindor va salohiyatli bo‘lishga e’tibor qaratganlar.
Har bir musulmon kishi o‘z hayot yo‘lida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va u zotning sahobai kiromlarini o‘rnak qilib oladi. Sovchilik borasida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qanday yo‘l tutgani barchamiz uchun ayni muddao.
Shu sababdan ham Ali roziyallohu anhuning Fotima onamizga sovchi bo‘lgani voqeasini yana bir bor esga olamiz.
Musulmonlar tashvishlari ko‘payib ketganidan Fotima onamiz nikohi to‘g‘risida unutilayozdi. Shu boisdan sahobai kiromlarning ulug‘lari Fotima onamiz yoshlari o‘tib borayotganidan xavotirga tushdilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu, Umar roziyallohu anhu sovchi qo‘yib ko‘rdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam rozi bo‘lmadilar. Sahobai kiromlar Ali roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib Fotima onamizni so‘rashini tavsiya qildilar. Ali roziyallohu anhu esa: “Abu Bakr va Umardek kishilarga bermadilar-ku, menga qanday qilib Fotimani berishlari mumkin”, dedilar. Sahobiylar: “Fotima uchun sendan ham munosibroq boshqa birovni ko‘rmayapmiz. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam seni juda yaxshi ko‘radilar, albatta, senga beradi”, dedilar. Qissani davomini Ali roziyallohu anhu quyidagicha davom ettiradilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Fotimaga uylanmoqchi ekanim haqida aytishni o‘ylab yurdim. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uylariga borib, u zotning huzurlariga kirdim. Dilimdagi o‘ylab yurgan fikrlar haqida aytmoqchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlariga qaradim. Shunda u zotning salobatlari bosib, xijolatdan yuzlarim qizardi, tilimga biror kalima ham kelmay qoldi. Menda xijolat va uyatdan shunday o‘zgarish bo‘ldiki, bu faqatgina Allohga ayon. Jim turib qoldim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tabassum qildilar-da, shunday dedilar: “Hoy, Ali, go‘yoki Fotimani (nikohingga olmoqni) xohlayotganga o‘xshaysan-a?!”. Men: “Ha, ey AllohningRasuli”, dedim. U zot: “(Uylanish uchun) moling bormi?” dedilar”.
Holbuki, U zot sollallohu alayhi va sallam Ali roziyallohu anhuning biror narsasi yo‘qligini bilar edilar. Ali roziyallohu anhuning qo‘y junidan to‘qilgan bir kiyimi bo‘lib, kechasi o‘shaning ustida uxlar, kunduzi esa ustiga tashlab, o‘ranib yurar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana bir bor: “Biror bir mablag‘ing bormi?!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Hech qanday mol-davlatim yo‘q, ey, Allohning Rasuli”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “O‘ylab ko‘rchi!”dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, menda na dirham bor va na dinor. Hatto xurmo ham, don ham va yo zabib ham yo‘q”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yaxshilab o‘ylab ko‘r! Hech qanday qurol-aslahang ham yo‘qmi?!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Ikki dirhamga ham yetmaydigan sovutim bor, men uni jang maydonida kiyib yuraman”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni keltirishni buyurdilar. Ali roziyallohu anhu chiqib, xijolatomuz holda uyga bordilar va sovutlarini olib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga qaytib keldilar. Sovutni U zotning oldilariga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu – Fotimaning mahridir. U (Fotima) rozi bo‘ldi. Sen ham uni qabul qildingmi, ey Ali!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Qabul qildim”, dedi. Shundan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Endi Fotima sening jufti halolingdir”, dedilar. So‘ngra Ali roziyallohu anhu Fotima roziyallohu anhoni olib uyga bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Aliga: “To‘y dasturxoni yoz”, deb buyurdilar. Ali roziyallohu anhu: “Mening hech vaqoim yo‘q, yo Rasulalloh”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minlar onalarining uylariga boringlar, biror yegulik so‘ranglar!”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning barcha ayollari uchun alohida-alohida xonalar qilingan edi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning birida uxlamoqchi bo‘lib yotsalar, xona kichkina va torligidan U zotning boshlari xonaning ikkinchi tarafiga tegib qolar edi. Sahobai kiromlar Ummu Salama roziyallohu anhuning uylariga bordilar. U yerdan bir qancha non bo‘laklari topishdi. Oisha roziyallohu anho huzurlariga bordilar. Oisha onamiz: “Allohga qasamki, mening oldimda hech bir yegulik qolmagan”, dedilar. Zaynab onamizning huzurlariga borib, u yerdan zabib topdilar. Boshqa bir onamizning uylaridan sut topildi. Barcha yeguliklar to‘plangach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ularni mening oldimga olib kelinglar, baraka so‘rab duo qilaman”,dedilar. So‘ngra Ali va Fotimalarning taomlariga baraka so‘rab duo qildilar. Allohning izni bilan barcha odamlar to‘ydilar. Ali va Fotima roziyallohu anhumolar Allohning zikri ila yangi oilani barpo eta boshladilar.
Bu qissa haqida ortiqcha mulohaza bildirib o‘tirmaymiz. Buni o‘qigan barcha o‘ziga nima kerak ekanini xulosa qilib oladi. Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq, chiroyli hayot kechirishimizni nasib etsin.
Manba: azon.uz
