Tarsaki yegan ispanlar: “qizil furiya” nega cho‘kib ketdi?
Har qanday qattiqqo‘llikning ham chegarasi bo‘ladi. Ba’zida tartib-intizomni ham chegaralab turish lozim.
Nega bunday deyayotganimni tushungandirsiz. Ha, gap o‘sha “Lopetegi mojarosi” haqida ketmoqda. Ispaniya futbol federasiyasi “Real” bosh murabbiyligiga rozi bo‘lgan Lopetegidan jahon chempionati boshlanishidan sanoqli kunlar oldin iste’foga chiqarganida faqat tartib-intizomni, ehtimol, federasiyaning or-nomusini o‘ylagandir. Ammo endi bu qaror mamlakatning sha’nini tuproqqa qorgan qarorga aylandi.
Lopetegining aloqasi yo‘qdir, dersiz. Ammo maydonda Ispaniya terma jamoasining o‘yinida taktika ko‘rdingizmi? Yo‘q. Bu o‘sha “Barselona”ni qon yig‘latgan o‘zaro paslar usuli edi. Eskirgan “tiki-taka” edi. Axir bu Lopetegi ham tanlagan taktika edi-ku dersiz balki. Ammo Lopetegi vaziyatdan kelib chiqib taktikani o‘zgartirishi mumkin edi. “Tiki-taka”ni o‘zgartirish yoki undan voz kechish uchun Yerroning salohiyati yetmadi. Ayb unda emas, ayb endigina haydovchilik guvohnomasini olgan, ammo hali birorta ham mashina haydamagan tajribasiz haydovchini mashinalar poygasiga kiritgan rahbariyatda.
Ispaniya murabbiylar shtabining asosiy xatosi — Rossiyaning kuchiga yetarli baho bermaganligi. Esingizdami, ispanlar gol urgandan keyin uzoq vaqt davomida shunchaki to‘pni bir-biriga uzatib yurdi, hujum qilish imkoni tug‘ilganida ham oldinga bormadi, ruslarni yosh bolalarcha mag‘lub etmoqchi bo‘ldi. Rossiya oldinga tashlana olmaydi, tuzuk hujum qila olmaydi, deb o‘yladi. Ana o‘sha daqiqalarning, uyushtirilmagan hujumlarning uvoli tutdi Ispaniyani. Fernando Yerro esa hali murabiylikka tayyor emasligini isbotlab berdi.
Qolaversa, Diyego Kostaning almashtirilishi ham xato o‘zgarish bo‘ldi nazarimizda. Aksincha, uning o‘rniga Aspasni birorta yarim himoyachining o‘rniga tushirish lozim edi. Qolaversa, raqiblar hujumchisiz yutuqlarga erishgan Ispaniyaning o‘yinini o‘zlashtirib bo‘lishgandi. Shu bois mazkur o‘yinda va umuman mazkur turnirda ispanlar hech bo‘lmaganda ikkita hujumchi bilan o‘ynashi kerakmidi…
Rossiyani hurmat qilgan holda aytamizki, bu sharmandali mag‘lubiyat. Chunki ispanlarning tarkibi yulduzli, Portugaliya yoki Argentinaga o‘xshab tarkibda jiddiy muammolarga ega emas. Ammo ko‘p narsani bosh murabbiy hal qilishi yana bir bor isbotini topdi.
Rossiya o‘z uyida o‘ynayapti. Agar mezbonlar ana shunday aqlli o‘ynashda davom etsa, yarim finalgayam chiqishi mumkin. Rossiyaga omad tilab qolamiz.