“Askiya dehqon bozori” hududi investorlarga sotiladi
Yakkasaroydagi “Askiya dehqon bozori” zamonaviy ko‘rinishda quriladi
Bugun Yakkasaroy tumanidagi “ATECA HOTEL SUITES” mehmonxonasida Yakkasaroy tumanidagi “Askiya dehqon bozori”ni zamonaviy ko‘rinishda qurish bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Unda Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, hokim o‘rinbosarlari, mas’ul tashkilot rahbarlari, “Askiya dehqon bozori” ma’muriyati, tadbirkorlar, nuroniylar hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova bugungi kunda “Askiya dehqon bozori”da haridorlarning kelib ketishiga bir qator noqulayliklar borligi, bozorda joylashgan avtoturargoh hajmi kichikligi, bozor ochiq hududda joylashganligi bois noqulay ob-havoda fuqarolarga noqulaylik kelib chiqayotganligi, tadbirkor va aholiga qulayliklar yetarli emasligi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi.
Bugungi kunda aholi va tadbirkorlarga qulay va shinam sharoitlar yaratib berish, eskirib qolgan bozorni zamonaviy ko‘rinishga qayta qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganligi, bu borada bir necha investorlar tomonidan bozorni qayta qurish bo‘yicha takliflar bildirilayotganligini inobatga olib, bozor hududini “e-auksion” platformasi orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilayotganligi aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida tuman hokimi sotib olish taklifi bilan chiqqan investorga Toshkent shahar hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Munisipial aktivlarni boshqarish markazi bilan kelishilgan holda:
Eng kamida umumiy maydoni 3 000 kv.metr hududidagi “ekobozor”;
Eng kamida umumiy maydoni 1 200 kv.metr hududidagi “sovutgich omborxona”;
Er osti avtoturargohining birinchi qavatini (eng kamida 400 dona avtoturargohni) Jamiyatga beg‘araz o‘tkazib berish bo‘yicha talablar qo‘yilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yangi quriladigan eko bozorga xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan bozorga aylantirish haqida tanishtirildi.
Erishiladigan natija:
Loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar o‘zlashtiriladi.
Yangi bozor yonida Jahon standartlariga mos ravishda quriladigan 4 yulduzli mehmonxona ish faoliyatini boshlaydi.
Loyiha yirik savdo kompleksini o‘z ichiga olib, unga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi.
Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida esa 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi aytib o‘tildi.
Ma’lumot uchun:
Yangi barpo etilgan bozor hududida velosepitlar uchun joy, zamonaviy o‘rindiqlar;
Wi-Fi zonalar barpo etiladi;
Aholi uchun ko‘ngil ochar hududlar barpo etiladi;
Aholi uchun eskalator, imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus panduslar o‘rnatiladi;
Bozor hududida yashil hudud barpo etiladi;
Zamonaviy xojatxonalar tashkil etiladi;
Tunu kun bozor hududini toza va ozoda saqlash uchun ishchi xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Oziq-ovqat zahirasini saqlash uchun maxsus muzlatgich va qurilmalar tashkil etilishi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tildi.
Uchrashuv so‘nggida Nilufar Allabergenova taqdimot ishtirokchilariga ob’ektda qurilish ishlarini jamiyat hududidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori faoliyatiga ta’sir o‘tkazmagan holda, ya’ni ushbu bozor faoliyatini to‘liq saqlagan holda amalga oshirish hamda “Ekobozor” qurilishi yakunlangandan so‘ng, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorini ushbu “Ekobozor” hududiga bosqichma-bosqich ko‘chirilini takidlab o‘tdi.