Armaniston Rossiyaga ultimatum qo‘yadi

Armaniston Rossiyaga ultimatum qo‘yadi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 16 mart kuni hukumat yig‘ilishidagi chiqishida “Tog‘li Qorabog‘dagi genosid tahdidi” haqida gapirdi. Pashinyan bir necha kundan beri Qorabog‘ va Armaniston-Ozarbayjon chegarasida yangi harbiy to‘qnashuvlar kelib chiqish xavfi yuqoriligi haqida bayonotlar berib kelmoqda. Bu safar u genosid tahdidini yo‘q qilish uchun xalqaro mexanizmni ishga tushirganini ta’kidladi. Va u BMT doirasidagi tashabbuslar haqida gapirayotganini qo‘shimcha qildi.

“Shu munosabat bilan men Armaniston Tashqi ishlar vazirligiga tegishli topshiriqlar berdim”, dedi Bosh vazir.

Eslatib o‘tamiz, 5 mart kuni Xonkendi-Lochin yo‘lida sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostidagi hududlarda harakat qilayotgan, Pashinyan hozirgacha “Tog‘li Qorabog‘ armiyasi” deb ataydigan noqonuniy arman qurolli guruhlari vaqti-vaqti bilan Ozarbayjon armiyasiga qarshi qurolli provokasiyalar uyushtirmoqda.

Bir necha kun avval Ozarbayjon mudofaa vaziri Zokir Hasanov armiya qo‘mondonligi ishtirokidagi yig‘ilishda ushbu provokasiyalarning oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rish, zarurat tug‘ilganda Armanistonga qarshi profilaktika choralarini qo‘llash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Mudofaa vazirligiga yaqin harbiy ekspertlar bu borada Ozarbayjon Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostidagi hududlarda maxsus operasiya o‘tkazishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Armaniston bosh vaziri bugungi nutqida Qorabog‘da noqonuniy arman qurolli tuzilmalari mavjudligini etnik tozalash va genosid tahdidi bilan asoslab berdi.

“Qorabog‘ armanlari xavfsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan yana bir mexanizm bu Rossiya tinchlikparvar kuchlari”, dedi Pashinyan. Unga ko‘ra, 2020 yilda Rossiya Qorabog‘ aholisi va fuqarolik infratuzilmasi xavfsizligining kafolati rolini o‘z zimmasiga olgan.

"Biz Rossiya Federasiyasi bu vazifani to‘liq bajarishiga umid qilamiz", deb ta’kidladi Armaniston bosh vaziri. "Ammo ittifoqdoshimiz ob’ektiv sabablarga ko‘ra buni qila olmasa, menimcha, u Tog‘li Qorabog‘dagi tinch aholini xavfdan ogohlantirib, BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishi kerak", deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.

Armaniston bosh vazirining bayonoti shunchaki provokasion emas. Unda Rossiyaga qarshi haqiqiy shantaj belgilari mavjud. Pashinyan mantig‘iga ko‘ra, Moskva “Qorabog‘ni himoya qila olmasligini” rasman tan olishi va shu bois BMT Xavfsizlik Kengashining mintaqaga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni kiritish haqidagi rezolyusiyasini qo‘llab-quvvatlashi kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!