Arizonada samolyotlar to‘qnashib ketdi, qurbonlar bor

Arizonada samolyotning to‘qnashuvi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 4 kishi jarohat oldi, deb xabar beradi ABC News.
Hodisa «Bombardier Learjet 35A» samolyoti Skottsdeyl aeroportiga qo‘ngach, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, shaxsiy mulkda to‘xtab turgan «Gulfstream 200» biznes-jetiga borib o‘rilgan.
Parvoz Texas shtatining Ostin shahridan ketayotgan bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Bombardier Learjet 35A» samolyotining chap asosiy qo‘nish moslamasi qo‘nish vaqtida ishlamay qolgan, natijada to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Bir kishi vafot etdi, ikkitasi og‘ir ahvolda va mahalliy travma markazlariga yuborildi, uchinchi yo‘lovchi mahalliy kasalxonaga yuborildi, to‘rtinchisi esa davolanishdan bosh tortdi.
Hodisa paytida to‘xtab turgan samolyot bortida yo‘lovchilar bo‘lmagan, deydi rasmiylar.
Arizona shtatining Marikopa okrugida joylashgan aeroport o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Biroq voqea sodir bo‘lganidan taxminan olti soat o‘tgach, parvozlar qayta tiklandi.
Tergov Milliy transport xavfsizligi kengashiga topshirildi.