AQShda xitoylik muhandis josuslik uchun 8 yilga qamaldi

AQShda xitoylik muhandis josuslik uchun 8 yilga qamaldi

Xitoy fuqarosi AQShda muhandislar va olimlar haqida ma’lumot to‘plash orqali Xitoy hukumati foydasiga josuslik qilgani uchun 8 yilga qamaldi, deb xabar qilmoqda CNN telekanali.

31 yoshli Szi Chaokun o‘tgan yilning sentyabrida Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi agenti sifatida noqonuniy faoliyat olib borgan va AQSh harbiylariga yolg‘on ma’lumot berganlikda ayblangan.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Szi zimmasiga Xitoy razvedka xizmatlari uchun AQSh muhandislari va olimlari haqidagi biografik ma’lumotlarni to‘plash va ularni josus sifatida jalb etish vazifasi yuklangan. 2016 yilda Szi Illinoys texnologiya institutini tamomlaganidan bir yil o‘tib, AQSh armiyasi rezerviga kirdi. Bu unga Amerikada ish topishga imkon berdi.

Szi o‘z arizasida so‘nggi 7 yil ichida xorijiy hukumatlar bilan hech qanday shartnoma tuzmaganligi haqida yolg‘on bayonot bergan. Shuningdek, u Xitoy razvedkasi vakillari bilan aloqalarini yashirgan.

2018 yilda Szi o‘zini Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi vakili sifatida ko‘rsatib, AQSh huquq-tartibot idorasi agenti bilan bir necha bor uchrashgan. Uchrashuvlar davomida u harbiy guvohnomasi yordamida «Ruzvelt» toifasidagi aviatashuvchi kemaga kirib, suratga tushishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, Szi AQSh fuqaroligini olgandan keyin AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi, Federal qidiruv byurosi yoki NASAda ish izlashini ta’kidladi.

Szi Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligining Szyansu departamenti direktori o‘rinbosari Syuy Yanssyunya qo‘l ostida ishlagan, u o‘tgan yili AQShning bir qancha aviasiya va aerokosmik kompaniyalaridan tijorat sirlarini o‘g‘irlash bo‘yicha yashirin operasiyada ishtirok etgani uchun 20 yilga qamalgan. Syuy Belgiyada qo‘lga olingan va FQB tergovlari natijasida sudga tortilishi uchun AQShga ekstradisiya qilingan birinchi xitoylik josus bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!