AQSh yarim milliondan ortiq muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin

AQSh yarim milliondan ortiq muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin.
"Oq uy tomonidan asosan Lotin Amerikasidan kelgan yuz minglab muhojirlarga mamlakatni tark etish uchun bir necha hafta muddat berilgan", deyiladi agentlik xabarida.
Donald Tramp ma’muriyatining qarori 532 000 ga yaqin kubalik, gaitilik, nikaragualik va venesuelik muhojirlarga ta’sir qiladi. Ular AQShga CHNV dasturi doirasida kelgan bo‘lib, mazkur dastur 2022 yil oktyabr oyida Jo Bayden ma’muriyati tomonidan ishga tushirilgan va 2023 yil yanvar oyida kengaytirilgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur muhojirlar 25 mart kuni e’lon qilinishi kutilayotgan buyruqdan so‘ng 30 kun ichida qonuniy maqomlarini yo‘qotishadi. Agar ular mamlakatda qolishga imkon beruvchi boshqa muhojirlik maqomiga ega bo‘lmasalar, 24 aprelga qadar AQShni tark etishlari lozim.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu qarorni amalga oshirish murakkab jarayon bo‘ladi, chunki u CHNV dasturi asosida mamlakatga kirgan muhojirlarning katta qismini qamrab oladi. Kaliforniyalik muhojirlik huquqi bo‘yicha advokat Nikolett Glayzerning ta’kidlashicha, qaror amalga oshirilsa, "katta tartibsizlik" yuzaga kelishi mumkin.