AQSh Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishga harakatni davom ettirmoqda

AQSh Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishga harakatni davom ettirmoqda

Quddusda bo‘lgan AQSh davlat kotibi Oq uy hamkorlari bilan Yaqin Sharqni yanada barqaror, xavfsiz va farovon qilish uchun ishlashga qat’iy qaror qilganini ta’kidladi, deya xabar beradi Kazinform muxbiri AQSh Davlat departamenti matbuot xizmatiga tayanib.

Entoni Blinkenning Isroil hukumati a’zolari, Falastin ma’muriyati va Misr rahbariyati bilan uchrashuvi chog‘ida mintaqadagi keskinlikni pasaytirish va xavfsizlikni mustahkamlash uchun har bir tomon ko‘rishi mumkin bo‘lgan amaliy qadamlar haqida konstruktiv g‘oyalar muhokama qilindi.

E.Blinken nizolashayotgan tomonlarni zo‘ravonliklarning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va tinchlik o‘rnatish choralarini ko‘rishga chaqirdi.

AQSh Tashqi ishlar vazirligi rahbari joriy yilning 29 yanvar kuni Neva Yaakovdagi sinagoga yaqinida sodir etilgan terakt oqibatida halok bo‘lganlarga hamdardlik bildirdi.

AQSh BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligiga yana 50 million dollar ajratishini ma’lum qildi.

Bu mablag‘lar mamlakat aholisini oziq-ovqat, vaksinalar va ta’lim bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi. Oxirgi ikki yil ichida AQShning falastinliklarga bergan moliyaviy yordamining umumiy miqdori qariyb 940 million dollarni tashkil qilgan.

Blinken, AQSh tinchlikni mustahkamlash, falastinliklar va isroilliklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Qayd etilishicha, prezident Bayden ma’muriyatining siyosati ikki xalq uchun ikki davlat konsepsiyasini saqlab qolish va amalga oshirishga qaratilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!