AQSh vizasi uchun yana 25 ta mamlakat fuqarolariga garov to‘lovlar joriy etildi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati AQSh vizasiga ariza berishda fuqarolaridan 5000 dan 15000 dollargacha bo‘lgan garov puli to‘lashni talab qiladigan mamlakatlar ro‘yxatiga yana 25 ta davlatni qo‘shdi, deb xabar beradi Anadolu agentligi.
AQSh Davlat departamentining rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, viza olish uchun ariza berishda garov puli to‘lash talabi 21 yanvardan kuchga kiradi.
Yangi talab qo‘llanilgan mamlakatlar qatoriga Jazoir, Angola, Antigua va Barbuda, Bangladesh, Benin, Burundi, Kabo-Verde, Kot-d’Ivuar, Kuba, Jibuti, Dominika, Fiji, Gabon, Qirg‘iziston, Nepal, Nigeriya, Senegal, Tojikiston, Togo, Tonga, Tuvalu, Uganda, Vanuatu, Venesuela va Zimbabve kirdi.
Ushbu mamlakatlardan kelgan arizachilar 5000 dan 15000 dollargacha garov puli to‘lashlari shart. Garov summasi viza suhbati natijalariga qarab belgilanadi.
Departament garov puli to‘lash viza berilishini kafolatlamasligini ta’kidladi. Shuningdek, vakolatli mansabdor shaxsning roziligisiz amalga oshirilgan to‘lovlar qaytarilmaydi.
Ushbu qaror bilan garov depozitini talab qiladigan mamlakatlarning umumiy soni 38 taga yetdi.
Ularning aksariyati Afrikada, ba’zilari esa Lotin Amerikasi va Osiyoda joylashgan.
Bundan tashqari, AQSh rasmiylari ilgari 2025 yil dekabr oyidan boshlab vizasiz kirish dasturida ishtirok etadigan 42 mamlakatdan kelgan sayyohlar bo‘yicha so‘nggi besh yil ichidagi ijtimoiy tarmoq ma’lumotlarini tahlil qilishni rejalashtirayotganliklarini e’lon qilishgan edi. Bu mamlakatlar qatoriga Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Janubiy Koreya kiradi.
