AQSh va Rossiya o‘z yadroviy arsenallari haqida ma’lumot almashishni to‘xtatdi

AQSh va Rossiya o‘z yadroviy arsenallari haqida ma’lumot almashishni to‘xtatdi

Vashington va Moskva o‘zlarining yadroviy qurollari, jumladan, turli bazalardagi yadroviy kallaklar va bombardimonchi samolyotlar soni to‘g‘risida ma’lumot almashishni to‘xtatdilar. Bu haqda 28 mart, seshanba kuni Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni Rossiya ham bu qadamni tashlagan taqdirdagina ma’lumotlar almashinuvini tiklashga rozi bo‘ladi. Avvalroq, AQSh mudofaa vazirining kosmik siyosat bo‘yicha yordamchisi Jon Plumb Vakillar palatasi Qurolli kuchlar quyi qo‘mitasining eshituvida AQSh 27 mart kuni Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi (SHQ-3) shartnomaga muvofiq oy oxiriga rejalashtirilgan yarim yillik ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha Rossiya bilan bog‘langanini aytdi, ammo Moskva «bu ma’lumot taqdim etilmaydi» deb javob bergan. «Shuning uchun diplomatik qarshi chora sifatida Qo‘shma Shtatlar ham ma’lumot bermaydi», dedi Plumb va Rossiyaning xatti-harakatlarini «mas’uliyatsizlik» deb atadi.

Shu munosabat bilan Davlat departamenti vakili Vedant Patel jurnalistlarga tegishli bayonot berdi. «Rossiya shartnomaga rioya qilmayotgani sababli, Qo‘shma Shtatlar Rossiyani shartnomaga rioya qilishga qaytishga undash uchun ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan almashinuv doirasida Rossiyaga o‘z ma’lumotlarini taqdim etmaydi», dedi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!