AQSh Ukraina inqirozini hal qilish rejasini e’lon qilmoqchi

Qo‘shma Shtatlar 14-16 fevral kunlari Myunxenda bo‘lib o‘tadigan Xavfsizlik konferensiyasida Ukraina inqirozini hal qilish rejasini taqdim etadi, deb yozdi “Blumberg” agentligi.
– Loyihani ittifoqchilarga Prezident Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellog taqdim etadi, – deyilgan xabarda.
Suhbatdoshlar muhokama formati va tafsiloti haqida ma’lumot bermagan.
O‘tgan shanba kuni Kellogg Oq uy rahbari Rossiya – Ukraina muzokarasi uchun vositachi bo‘lishini aytib, o‘t ochishni to‘xtatish va doimiy tinchlikka yillar davomida emas, balki bir necha oy ichida erishish uchun imkon yaratishini ta’kidlagandi.
So‘nggi payt, ayniqsa Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, Ukraina – Rossiya mojarosini hal qilish bo‘yicha muloqot boshlanishi mumkinligi haqidagi axborotlar urchidi. Muzokara o‘tkazish kerakligini ikki tomon ham inkor qilmayapti. Faqat bu borada tomonlarning farqli qarashi shakllangan. Masalan, o‘tgan yil iyun oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tashabbusini ilgari surgan:
– Rossiya zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatadi va muzokaraga tayyorligini e’lon qiladi. Ziddiyatni bartaraf etish bo‘yicha yondashuvimiz Ukrainaning NATOga kirish niyatidan rasman voz kechishi, qurolli kuchlarini RFga tegishli yangi hududlardan olib chiqib ketishi, demilitarizasiya va denazifikasiya jarayonini amalga oshirishi, neytral, qo‘shilmaslik va yadrosiz maqomga ega bo‘lishini taqozo qiladi.
Davlat rahbari shartlar qatorida Rossiyaga qarshi sanksiya bekor qilinishi lozimligini ham eslatib o‘tgan.
Shu bilan birga Moskva Kiyev rejimi 2022 yil oktyabrda muzokaraga kirishishni inkor etgani, Vladimir Zelenskiy prezidentligining qonuniyligi masalasida jiddiy muammolar borligini qayta-qayta ta’kidlab keladi.
1963 yil fevral oyidan buyon Germaniyada o‘tkazib kelinadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida siyosatchilar, harbiylar, biznes hamda nodavlat tashkilotlar vakillari, xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar to‘planadi. Anjumanda tashqi siyosat, xavfsizlik va mudofaa sohalari bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Dastlabki 30 yil forum ishtirokchilari orasida NATO davlatlarining harbiy va siyosiy rahbarlari, siyosatshunoslar, ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘p edi. O‘tgan asr 90-yillaridan boshlab ularga Rossiya va boshqa Sharqiy Yevropa mamlakatlari, Osiyodan Xitoy, Hindiston va Yaponiya qo‘shildi.
Bu gal kun tartibida Rossiya – Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojaro mavzusi asosiy masala sifatida ko‘rilayotgan anjumanda 450 dan ziyod ishtirokchi, jumladan davlat rahbarlari, vazirlar, xalqaro va nodavlat tashkilotlar yetakchi namoyandalari, biznes, OAV, ilmiy doira va fuqarolik jamiyati vakillari yig‘iladi.
Xususan, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevroparlament rahbari Roberta Metsola, Yevropa kengashi prezidenti Antonio Kosta, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha vakili Kaja Kallas, mudofaa bo‘yicha Yevropa komissari Andrius Kubilius, BMT vakillari, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorus kabi taniqli shaxslar kelishi tasdiqlangan.
Tadbirda Rossiya vakillari ishtirok etmaydi.