AQSh muzokarachilari Moskvaga jo‘nab ketdi - Tramp

Kiyev bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgach, amerikalik muzokarachilar maslahatlashish uchun allaqachon Moskvaga jo‘nab ketishgan. 12 mart, chorshanba kuni Vashingtonda Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashuv chog‘ida AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga «hozirda ular u yerga yo‘l olishmoqda», dedi.
Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishiga «umid qilishini» aytdi. Jurnalistlarning Moskvaga nisbatan ehtimoliy bosim choralari haqida so‘raganida, Amerika yetakchisi shunday javob berdi: «Bunday ishlar yoqimsiz bo‘ladi. Moliyaviy jihatdan men Rossiya uchun juda yomon bo‘ladigan ishni qilishim mumkin. Men buni qilishni xohlamayman, chunki men tinchlikni xohlayman».
O‘z navbatida, AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens AQSh va Rossiya vakillari o‘rtasida faol muzokaralar olib borilayotganini ta’kidladi. U Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarning ilk natijalarini olqishladi. «Biz hozir juda yaxshi holatdamiz deb o‘ylaymiz: ukrainaliklar o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishdi, endi biz Rossiyani ham bunga rozi bo‘lishga ko‘ndira olamizmi yoki yo‘qmi, shuni ko‘ramiz», — dedi u.