AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan «5+1» formatida biznes-platforma ishga tushiradi

AQSh hukumati Markaziy Osiyoning barcha davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish uchun biznes platformani ishga tushiradi. Tuzilma «5+1» formatida bo‘ladi. Bu haqda AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi e’lon qildi.
Bu yo‘nalishdagi hamkorlik respublikalarning iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashi ta’kidlanmoqda. Xususan, tomonlar mintaqaviy iqtisodiy integrasiya va islohotlar, davlat-xususiy sheriklik, innovasiyalar va xorijiy investisiyalarga e’tibor qaratishi aytilmoqda.
Hukumat va ishbilarmon doiralar vakillarining «5+1» formatidagi birinchi uchrashuvi 2024 yilga mo‘ljallangan. Tadbir Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadi.
19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – AQSh» sammitida biznes va iqtisodiyot bo‘yicha alohida forum tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbus AQSh tomonidan yangragan edi.