AQSh Maduroga nisbatan qanday rejalar tayyorlayapti?
AQSh rasmiylari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga nisbatan Vashington ko‘rishi mumkin bo‘lgan yangi chora-tadbirlar haqida OAVga ma’lumot berdi.
AQSh yaqin kunlarda Venesuela bo‘yicha yangi operasiyalar bosqichini boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda Reuters agentligiga to‘rt nafar amerikalik amaldor xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, operasiyalarning aniq sanasi va ko‘lami hali ma’lum emas, shuningdek prezident Donald Tramp ularni amalga oshirish yuzasidan yakuniy qaror qabul qilgan-qilmagani aniqlashmagan. Shunga qaramay, manbalar bu operasiyalar Maduroga qarshi yangi bosqichning birinchi fazasi bo‘lishi ehtimolini ta’kidlashgan.
To‘rtala manba ham AQSh rejalarining maxfiyligi tufayli o‘z ismini oshkor etmaslik shartida gapirgan.
Pentagon Reuters’ning savollarini Oq uyga yo‘naltirgan. Markaziy razvedka boshqarmasi esa izoh berishdan bosh tortgan.
Shanba kuni AQSh ma’muriyatining yuqori lavozimli bir vakili Venesuelaga nisbatan “hech qanday variant chetga surilmasligini” ta’kidlagan.
«Prezident Tramp mamlakatimizga narkotiklar oqimini to‘xtatish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun Amerika qudratining barcha elementlaridan foydalanishga tayyor», — dedi u anonimlik shartlari asosida.
Tramp ma’muriyati turli ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda. AQSh Maduroni AQShga noqonuniy narkotiklar yetkazib berishda muhim rol o‘ynayapti, deb hisoblaydi. Maduroning o‘zi esa bu ayblovlarni rad etadi.
Ikki manbaning Reuters’ga bildirishicha, muhokama qilinayotgan variantlar orasida Maduroni agdarish harakati ham bor.
2013 yildan beri hokimiyatda bo‘lib kelayotgan Maduro Tramp uni hokimiyatdan chetlatishga intilyapti, deb hisoblaydi va «Venesuela fuqarolari va armiyasi bunday urinishlarga qarshilik ko‘rsatishini» ta’kidlab keladi.
Shu bilan birga, AQShning Karib dengizidagi harbiy faoliyati bir necha oydan beri kuchaytirilmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Venesuelada SRUning yashirin operasiyalarini ham sanksiyalagan.
Juma kuni AQSh Federal aviasiya ma’muriyati yirik aviakompaniyalarni Venesuela hududi ustidan parvozlar vaqtida “potensial xavfli vaziyat” yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va ehtiyotkorlikka chaqirdi.
