AQSh boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni muzlatib qo‘ydi
Prezident Donald Tramp ma’muriyati boshpana berish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatdi. AQSh Fuqarolik va immigrasiya xizmati direktori Jozef Edlouning ma’lum qilishicha, qarorlar har bir xorijlikni eng yuqori darajada tekshirish imkoni paydo bo‘lguncha qabul qilinmaydi. Bu haqda The Guardian yozgan edi.
Kecha Donald Tramp yangi migrasion tashabbuslarini e’lon qildi. Uning aytishicha, u «uchinchi dunyo» mamlakatlaridan immigrasiyani to‘xtatishga erishmoqchi.
Prezident Truth Social platformasidagi xabarda, AQSh fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun federal imtiyozlar va subsidiyalarni bekor qilishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u «mamlakat tinchligiga tahdid solayotgan» migrantlarni fuqarolikdan mahrum qilish niyatini ham ma’lum qildi.
Tramp davlat hisobiga yashovchi, xavfsizlikka tahdid soluvchi yoki prezident ta’biri bilan aytganda, «g‘arbiy sivilizasiyaga mos kelmaydigan» chet el fuqarolarini deportasiya qilishga va’da berdi.
Davlat kotibi Marko Rubio qo‘shimcha cheklovlar joriy etilganini ma’lum qildi. U ijtimoiy tarmoq Xda AQSh afg‘on pasport egalariga viza berishni to‘xtatganini aytdi.
«Qo‘shma Shtatlar uchun mamlakatimiz va xalqimizni himoya qilishdan muhimroq ustuvor vazifa yo‘q», — dedi u.
San-Diyegodagi Afghan Evac guruhi rahbari Shon Van Dayverning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati «bir shafqatsiz odam bilan bog‘liq hodisadan oldindan tayyorlab qo‘yilgan siyosatni ilgari surish uchun foydalanmoqda». Uning aytishicha, hukumat «o‘z razvedkasidagi kamchiliklarni» «butun bir jamoat va ular bilan birga xizmat qilgan sobiq harbiylarni jazolash» uchun bahonaga aylantirmoqda.
AQSh rasmiylarining bayonotlari 27 noyabrdagi otishma fonida yangradi. Milliy gvardiyaning ikki nafar harbiysi Oq uy yaqinida yaralandi. Jabrlanganlardan biri keyingi kuni vafot etdi. Qotil qo‘lga olindi.
FBR gumonlanuvchining shaxsini aniqladi — u Afg‘onistondan kelgan Rahmonullo Laqanval ekani ma’lum bo‘ldi. U AQShga 2021 yilda Bayden ma’muriyatining amerikan qo‘shinlari chiqarilgandan keyin afg‘onlarni ko‘chirishga mo‘ljallangan «Soyuzchilar uchun boshpana» dasturi doirasida ko‘chib kelgan.
Afghan Evac guruhi ma’lum qilishicha, Laqanval boshpana so‘rovini Bayden ma’muriyati davrida topshirgan. Tashkilotning aytishicha, ariza shu yil Tramp ma’muriyati davrida ma’qullangan.
