Anqara va Moskva tinchlik tashabbuslarini muhokama qilmoqda

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Turkiya prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi xabar berdi.
Tomonlar Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qildilar.
Prezident Erdog‘an Anqara va Moskva o‘rtasidagi hamkorlik mintaqaviy muammolarni hal qilishda kalit ekanligini aytdi. U Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning tugashi bilan bog‘liq jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidlab, munosib va barqaror tinchlikka erishish uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, o‘z hududida tinchlik muzokaralarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Turkiya rahbari Qora dengizda navigasiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yaxshi niyatli qadamlar tinchlik jarayoniga hissa qo‘shishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Anqara Qora dengizning mojaro hududiga aylanishining oldini olish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.
Prezident Erdog‘an Suriya kontekstida Turkiya-Rossiya hamkorligi mamlakatning hududiy yaxlitligi asosida mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan hamkorligi muhimligini qayd etdi. U etnik va diniy nizolarni qo‘zg‘atishga urinishlarga qarshi turish, shuningdek, Suriyaga qarshi sanksiyalarni butunlay bekor qilish zarurligini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an Suriyaning tabiiy boyliklari rasmiy Damashq nazoratida bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi. U “Suriya demokratik kuchlari” deb ataluvchi kuchlarni markaziy hukumat tuzilmalariga birlashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Suriya hududidagi terror o‘choqlarini yo‘q qilish uning barqarorligi uchun juda muhim ekanligini ta’kidladi.