Andijonda xitoylik investor bilan qishloq xo‘jaligi sohasida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, ta’lim hamda boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.
Barcha sohalar kabi qishloq xo‘jaligidagi o‘zaro hamkorlik yanada rivojlanmoqda. Andijonda ham xitoylik investor va tadbirkorlar bilan qishloq xo‘jaligi sohasida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunga “TIANJIAO HONGAN AGRICULTURE HIGHTECH” MCHJ xorijiy korxonasi bilan hamkorlikdagi ishlar misol bo‘la oladi.
Korxonaning asosiy yo‘nalishi qalampir mahsulotini quritilgan holda Xitoy va Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘lib, 2025 yil fevral-mart oylarida Ispaniya davlatiga 450 ming dollarga yaqin qalampir mahsulotini eksport qilishga erishgan. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 20 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu yo‘nalishda ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida mazkur xorijiy korxona rahbari Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida korxona rahbari kelgusida qalampir urug‘larini Andijonda yetishtirib, ekin maydonlarini kengaytirish, aholini jalb etgan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish rejasi haqida fikr bildirdi.
Soha mutasaddilari bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun doimiy hamkorlikda ish tashkil etishga tayyor ekanligini ta’kidladilar.