Andijonda qalampirni qayta ishlash korxonasi ish boshladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan qalampirni qayta ishlash sanoat parki faoliyatini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 fevraldagi “Andijon viloyatida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida 3 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirish, 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish hamda yiliga 20,1 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, yillik 580,7 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha eksport amalga oshirilishi belgilangan.
Bu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida Andijon tumanida tashkil etilgan “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasiga Xitoy davlatidan salohiyatli kompaniyalarning istiqbolli loyihalarini joylashtirish bo‘yicha investision buyurtmalar qabul qilindi.
2024 yilda erkin iqtisodiy zona hududining 51,4 gektar maydoniga umumiy qiymati 302,4 million dollarlik 9 ta loyiha joylashtirildi. Ushbu loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha qurilish-pudrat ishlari amalga oshirilmoqda.
Xitoyning “TIAN JIAO HONGAN AGRICULTURE HIGHTECH” kompaniyasi tomonidan “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi hududida qalampir mahsulotlarini qayta ishlash, qalampirdan sanoatda bo‘yoq ishlab chiqarish loyihasining ishga tushirilishi Prezident qarori ijrosi doirasidagi dastlabki qadamlardan biri bo‘ldi.