Andijon IIB temir yo‘l muammosini hal qilishni taklif etdi

Andijon IIB temir yo‘l muammosini hal qilishni taklif etdi

Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Izboskan tuman hokimligi, Davlat soliq inspeksiyasi hamda Andijon temir yo‘l masofasi korxonasi rahbarlariga Izboskandagi temir yo‘lga (suratda) yaqin joylarda noqonuniy savdoni yo‘qotish, temir yo‘lning ikki tarafini temir to‘siqlar bilan to‘sish bo‘yicha takliflar kiritgan, deydi "ZedNews" telegram kanali.

Gap nimada?

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, ular kanalimizda e’lon qilingan xabarni  o‘rganib chiqishgan. Aniqlanishicha, voqea rostdanam 11 fevral kuni Kuyganyor-Poytug‘ bekatlari oralig‘ida ro‘y bergan.

17 yoshli o‘smir qizga "bosh miya chayqalishi va bosh tepa qismida ikki santimetr yoriq" tashxisi qo‘yilgan. Qiz qanday qilib poyezd bilan to‘qnashib ketgani bo‘yicha hozircha ikki xil talqin paydo bo‘lgan.

Ikki xil talqin

Farg‘ona transport prokuraturasining "Daryo"ga bergan xabariga ko‘ra, 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan bu qiz dugonasi bilan temir yo‘lni kesib o‘tayotgan bo‘lgan. Andijon IIB xabarida esa bir fuqaro ekani aytiladi.

Har ikkala bayonotda ham qiz teplovozning signalini eshitmagani bayon etilgan. Oqibatda vagonga chiqib tushishga mo‘ljallangan yonboshdagi narvon qizni turtib yuborgan.

Shuningdek, Farg‘ona tomon jabrlanuvchi o‘sha kunning o‘zida shifoxonadan uyiga ruxsat berilganini yozgan. Andijon tomoni yozishicha esa profilaktika inspektori I.Abralov bugun, 13 fevral kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filialining nevrologiya bo‘limiga yotqizilgan bemorni ko‘rib kelgan.

Manbamiz xabariga ko‘ra ham qiz hamon shifoxonada, davolanish davom etmoqda. Holatni prokuratura nazoratga olib, Andijon viloyati IIB TXTB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!