Andijon davlat tibbiyot instituti mansabdorlari ishdan olindi, rektor ham ketishi mumkin

Avval xabar qilinganidek, 8 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amirullo Inoyatov boshchiligida o‘tgan tanqidiy yig‘ilishda tibbiyot sohasidagi kamchiliklar sabab qator rahbarlar ishdan olindi, yana bir nechtasiga hayfsan va jarimalar berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda tibbiyot institutidagi korrupsion holatlar tanqid ostiga olinib, oliy o‘quv yurti mas’ullariga bu borada jiddiy e’tirozlar bildirilgan. Shu bilan birga, oliygohning 5 nafar mas’ul xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Jumladan, institut bosh hisobchisi A.Raxmonov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i D.Nazarova, Reja-moliya bo‘limi boshlig‘i A.Axmedova, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i X.Aliyev va O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Q.Yusupovlar faoliyatida jiddiy kamchilik va qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi sababli egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Shuningdek, institut rektori M.Madazimovni “korrupsion holatlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi holat va shart-sharoitlarni bartaraf etishda qat’iyatsizlik ko‘rsatgani va korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygani sababli” lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taklif tayyorlash belgilangan.