Ana xolos! Tashqi qiyofasiga mahliyo erkaklar bepusht bo‘lib qolishi mumkin
Olimlar erkaklarning o‘z tashqi ko‘rinishini mukammallashtirishga mukkasidan ketishi va ularning farzand ko‘rishda qiynalishi o‘rtasida aloqadorlik borligini aniqlashdi.
Atletik qiyofani shakllantirish, soch to‘kilishiga qarshi vositalar erkakning nasl qoldirish salohiyatiga keskin salbiy ta’sir qiladi. Ushbu holat Mossman-Peysi paradoksi deb ataladi.
“Reproduktiv salomatligidan shikoyat qilib keluvchi bir qancha erkakning tashqi ko‘rinishiga e’tibor berdim – ular sog‘lom, juda chiniqqan yigitlar edi”, – deydi AQShdagi Braun universiteti tadqiqotchisi Jeyms Mossman. U asosan bodibilding bilan shug‘ullanuvchilar qabul qiladigan anabolik steroidlarning ta’siri haqida ilmiy ish qilgan.
“Bunday erkaklar supermendek ko‘rinish, mushaklarni o‘stirish uchun darrov steroidlarga yugurishadi, – deydi olim. – Shu bilan ular evolyusion boshi berk ko‘chaga kirib qolishadi. Ularda tirik spermatozoidlar soni kamaya boradi”.
Anabolik steroidlar erkak tanasida testosteron gormoni funksiyasini o‘ziga oladi va shuning uchun mushak massasini o‘stirishga ta’sir qiladi.
“Buni qarangki, erkaklar ayollarga chiroyli ko‘rinish uchun soatlab vaqtini trenajyor zallarida o‘tkazishadi, biroq amalda ularning jinsiy quvvati tusha boshlaydi”, – deydi Sheffild universitetidan professor Allan Peysi.
Anabolik steroidlar gipofizga ta’sir qiladi, bunda erkakning moyaklari keragidan ortiq ishlayotgani haqida signal boradi. Oqibatda gipofiz ikki gormon – follitropin va lyuteotropinni ishlab chiqarishni susaytiradi. Bu ikki gormon esa erkak urug‘ini ishlab chiqarishda faol qatnashadi.
Tadqiqotchilar, shuningdek, soch to‘kilishiga qarshi dorilardan foydalanuvchi erkaklarda ham shu jarayon kuzatilishini aytishadi.
Masalan, soch to‘kilmasligi uchun finasterid qabul qiladiganlar soch to‘kilishini kamaytirishlari mumkin, lekin uning asorati sifatida bepushtlik yoki jinsiy zaiflik paydo bo‘ladi.
