Amir Temur Buxoroni kimga tuhfa qilmoqchi bo‘lgan?
Amir Temur Samarqandni tark etib, o‘ziga rasman tegishli bo‘lgan mamlakatni qaytarib olish uchun qo‘shin to‘plash maqsadida Buxoro tomonga kelib o‘rnashadi.
Hazrat Sayid Amir Kulol juma namozini o‘qish uchun muridlari bilan Buxorodagi jome’ masjidga yo‘l oldi. Namozdan so‘ng yana shogirdlari qurshovida Suxorga qarab yura boshladi.
Bu paytda shaharning Kalobod va Fathobod mahallalari o‘rtasida bir yam-yashil o‘tloq joyda Amir Temur ham navkarlari bilan suhbatlashib o‘tirardi. Shu payt ko‘chadan o‘tloqni yoqalab, Amir Kulol muridlari bilan keta boshladi. Yosh sarkarda Amir Temur o‘tib ketayotgan bu darveshlarga ko‘zi tushdi va o‘rtada yurib borayotgan nuroniy otaxonni darhol tanidi. U – o‘zining hayot yo‘liga chiroq bo‘lgan inson – Hazrat Sayid Amir Kulol!
Bu paytda pir ancha keksayib qolgandi, lekin munkillamagan, hamon bo‘yi baland edi. Oppoq uzun soqoli ko‘ksiga tushib turar, yurishlarida tetiklik va g‘ayrat mavj urib turardi. Temurbek yugurib Amir Kulolga peshvoz chiqdi.
– Assalom alaykum, Hazrat! Avvalgi uchrashuvimizdan beri o‘n to‘rt yil o‘tibdi. Shu vaqt mobaynida o‘gitlaringizni yodimdan chiqarmadim. Ularni o‘zimga qoida qildim, – dedi Temur.
– Va alaykum assalom. Sen hozir buyuklik bo‘sag‘asida turibsan, bo‘tam! Shunday davom etaver! – so‘z qotdi Amir Kulol.
– Hazrat! Men ne ish qilsam, sizning va darveshlaringizning dilini xushnud qilaman? Buyuring! – bosh egdi Temurbek.
– Menga va muridlarimga hech narsa kerak emas, bo‘tam! – javob qildi Amir Kulol.
– U holda, menga biron topshiriq yoki hozirgi sharoitimdan kelib chiqib maslahat bering! – dedi Temurbek.
– Albatta, lekin hozir emas. Bugun xufton namozidan so‘ng aziz-avliyolardan ishorat bo‘lsa, o‘shani senga yetkazaman. Mening ustozim ham o‘z-o‘zlaridan so‘z aytmaganlar. Menga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiriq berish huquqi berilmagan.
Shu so‘zlarni aytib, xayr-xush bilan Amir Kulol yana muridlari qurshovida yo‘liga ravona bo‘ldi.
Hazrat Sayid Amir Kulol xufton namozini o‘qigach, oyog‘i chaqqon muridi – Mansurni chaqirdi.
– Sen sarkarda Amir Temurning chodiriga bor! Temurga aytginki, agar o‘tirgan bo‘lsa tursin, agar turgan bo‘lsa, qaytib o‘tirmasin! Vaqt tig‘iz! U zudlik bilan Xorazm tomonga yo‘l olsin. Lekin Xorazmga bosib kirmasin. Bir oy muddat ichida o‘sha tomonlarda yashab, askar-u navkar yig‘ib tursin. Chunki uning dushmanlari hozir kuchli. Aytilgan vaqt o‘tgandan so‘ng Samarqand sari yursin va taxtni egallasin! Shunda bu ish oson ko‘chadi va Movarounnahr mamlakati Amir Temurga hamda uning farzandlariga nasib etadi.
Murid o‘z pirining so‘zlarini unga bekam-u ko‘st yetkazdi. Bir necha daqiqadan so‘ng Amir Temur barcha askarlari bilan Xorazm yo‘liga tushib ot choptirib ketdi. Ular bu qo‘nalg‘ani tark etishgach, yarim soat o‘tar-o‘tmas, ko‘p sonli yaxshi qurollangan kishilar chodirlarni o‘rab oldilar va ularning ichiga bostirib kirdilar. Lekin u yerda hech kimni topolmay, alamlaridan bu vaqtinchalik yashash joyini tilkapora qildilar. Lekin o‘zlaring razil niyatlariga yetmadilar – o‘sib kelayotgan Buyuk Amir Temurga hech qanday ziyon yetkaza olmadilar.
SOHIBQIRONNING TAAJJUBI
Oradan to‘rt yil o‘tdi. Bu vaqt mobaynida Buyuk Amir Temur barcha raqib va dushmanlarini yengdi. Movarounnahr va Xuroson mamlakatlarining yagona hukmdoriga aylandi. Samarqandni poytaxt qildi.
Hokimiyatni mustahkamlagach, Hazrat Sayid Amir Kulolga maktub yubordi.
“Hazrat! Sizning muborak qadamingiz bizning viloyatga yetishiga muntazirmiz. Agar inoyat etsangiz va o‘zingiz keling, desangiz, darhol kamarbasta bo‘lib xizmatingizga boramiz. Lekin biz borsak, u yerdagi jamoat, hukmdor kelayapti deb, bir oz tashvishga qolishi mumkin. Hazrat! Sizning istagingiz qanday bo‘lsa, biz unga bo‘ysunamiz, uni bosh ustiga qabul etamiz!”
Ushbu xatni olib kelgan xabarchiga Amir Kulolning javobi bitta bo‘ldi. – Taqsir! Buyuk hukmdorga mening uzrimni yetkazing. Biz bu yerda mo‘’minlar duosi bilan mashg‘ulmiz va boshqa yerga borishimiz lozimligi haqida biror ishorat olganimiz yo‘q...
So‘ng Amir Kulol xonaqohiga o‘g‘li Amir Umarni chorladi: – Farzandim Amir Umar! Hukmdor Amir Temur meni Samarqandga chaqiribdi. O‘zimning o‘rnimga seni u zot huzuriga jo‘nataman. Amir Temurga mening so‘zlarimni hech o‘zgartirmay yetkazgin. Agar hukmdor Olloh taologa va unga yaqin kishilarning qalbiga yaqinlashishni istayotgan bo‘lsa, aytginki, u taqvoni va adolatni o‘ziga shior etsin, zero Mavloga yaqinlashishning yagona yo‘li shudir. Va ogoh bo‘l!.. Hukmdor senga ko‘p nazr-niyoz bermoqchi bo‘ladi. Zinhor qabul etma! Mabodo, ularni olsang, qaytib xonadonimga qadam bosma!
Xabarchi va Amir Umar birgalikda Samarqand sari otlandilar. Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan Sayid Amir Kulolning farzandini hurmat va e’tibor bilan kutib oldi.
– Sizning otangiz – Hazrat Sayid Amir Kulolning maslahatlari va topshiriqlari asosida biz mana shunday darajaga erishdik. Shuning uchun u zotning bizga qilgan yaxshiliklari evaziga Buxoro viloyatini sizga bag‘ishlaymiz. Amir Umar bosh chayqadi.
– Buyuk Amir! Taklifingiz uchun katta rahmat. Afsuski bu narsani olishimga ijozat yo‘q. Temur odati bo‘yicha, hayratlanib, o‘tkir nigohini unga qaratdi.
– Taajjub, u holda Buxoro shahrini qabul eting! Amir Umar yana bosh chayqadi.
– Meni avf eting, Buyuk Amir! Shaharni olishga ham ijozat yo‘q!
– Hech bo‘lmasa, o‘zingiz istiqomat qilayotgan qishloqni oling! Kulolning o‘g‘li bu taklifni ham rad etdi.
– U holda, ayting, biz Hazratga nimani sovg‘a qilib yuborsak, u sharafli zotga munosib bo‘ladi? Bizni u barakotli zotga yaqin qiladi?
Amir Umar o‘z otasining gapini yetkazish mavridi kelganligini his qildi va so‘z qotdi: – Padari buzrukvorim aytdilarki: agar hukmdor Ollohga va unga yaqin kishilarning qalbiga yaqinlashishni istasa, taqvoni va adolatni o‘ziga shior etsin, zero Mavloga yaqinlashishning yagona yo‘li shudir.
Buyuk Amir Temur bu iborani katta diqqat bilan eshitdi va o‘ziga yangi qoida oldi. Keyinchalik uning “Kuch – adolatdadir!” deb jaranglagan shiori ana shu yo‘sinda vujudga kelgandi. Bu chaqiriqning asosi Hazrat Sayid Amir Kulolning maslahatidan kelib chiqqandi.
Manba: “Hazrat Sayid Amir Kulol”
tarixiy voqeanomalar
