Alisher Usmonov rossiyalik milliarderlar izidan bordi va "Putinning odamlari" kitobiga o‘zgartirish kiritdi

 Alisher Usmonov rossiyalik milliarderlar izidan bordi va "Putinning odamlari" kitobiga o‘zgartirish kiritdi

"Putinning odamlari" kitobini chop etgan Britaniyaning HarperCollins nashriyot uyi rossiyalik milliarder Alisher Usmonov nomi tilga olingan qismga o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqida RBKga tadbirkorning vakili ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobning 2020 yilda chop etilgan birinchi nashrida Usmonov "Gazprom"dagi mansabidan foydalanib, boyligini ko‘paytirgani haqida yolg‘on ma’lumotlar bor edi.
Kitobning qayta ko‘rib chiqilgan nashrida Usmonov Britaniya elitasiga "pora berishga" uringanligi va u Kremlning "ishonchli odami" hisoblangani haqidagi so‘zlar ham chiqarib tashlandi, deb yozadi RBK.

Kitobga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha suddan tashqari kelishuvga erishish mumkin edi, dedi Usmonovning vakili. Usmonovning biznes sherigi Farhod Moshiriyning aniqlik kiritishicha, milliarder e’tiroz bildirgan bayonotlar allaqachon kitobning elektron va audio versiyalaridan olib tashlangan va ular yangi bosma nashrlarda ham bo‘lmaydi.

HarperCollins va kitob muallifidan izoh olishning iloji bo‘lmadi. "Putinning odamlari" kitobi Financial Times gazetasining Moskvadagi sobiq muxbiri Ketrin Belton tomonidan yozilgan. 2020 yilda "Putinning odamlari" Britaniyaning The Times, The Sunday Times, va Daily Telegraph gazetalari tomonidan yil kitobi deb tan olindi.

"Putinning odamlari" nashr etilganidan keyin rossiyalik milliarderlar Mixail Fridman, Pyotr Aven, Roman Abramovich, shuningdek, tadbirkor Shalva Chigirinskiy va "Rosneft" kompaniyasi HarperCollins ustidan sudga murojaat qildi. Fridman, Aven va Abramovich allaqachon kitobga tuzatishlar kiritishgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!