«Alhadaya» biologik faol qo‘shimchasi reklamasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llanildi
Alhadaya biologik faol qo‘shimchasi reklamasida aniqlangan qonun buzilishi yuzasidan «Alhadaya New» MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llandi.
Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «Alhadaya» BFQ reklamasi qo‘mita tomonidan o‘rganilgan.
Olib borilgan tahlillar natijasida reklama materiallarida ta’sir xususiyatiga ega bo‘lmagan iboralar qo‘llangani, BFQ haqida to‘liq ma’lumot berilmagani hamda uning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni yengillashtirishi haqida iddaolar ilgari surilgani aniqlandi. Bu holat iste’molchilarda mahsulotni dori vositasi sifatida qabul qilish ehtimolini keltirib chiqarishi mumkin.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar reklamasiga qator majburiy talablar belgilangan.
Jumladan, bunday reklama:
- dori vositasi yoki davolash xossasi borligi haqida taassurot uyg‘otmasligi;
- davolanganlik yoki ahvol yaxshilangani haqida aniq holatlarga havola qilmasligi;
- jismoniy shaxslarning minnatdorchilik izhorlarini o‘z ichiga olmasligi;
- sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganlikka tayanib, dori vositalariga nisbatan afzallik taassurotini bermasligi;
- voyaga yetmaganlar uchun taqiqlangan mahsulotlar reklamasida bolalar obrazidan foydalanmasligi;
- har bir holatda mahsulot dori vositasi emasligi haqida ogohlantirish bilan berilishi;
- rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilmasligi shart.
Yuqoridagi qonun talablari buzilgani alomatlari bilan «ALHADAYA NEW» MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Vakolatli organ Maxsus komissiyasi tomonidan ish ko‘rib chiqilib, yakunlariga ko‘ra moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan majburiy ko‘rsatma berilgan.
