Akrom Malik: "Abdukarim Mirzayevning nohaq qamalishida bir hikmat bor..."

Abdukarim Mirzayevning hibs etilishi, avvalo, jinoyatchi bo‘lmagan bir insonning nohaq ozorlanishi edi. Zotan, inson erkining bu shaklda cheklanishi zinhor xayrixoh qabul qilinmaydigan holdir. Ikkinchidan, butun boshli millatga, xalqqa ma’rifat nurlarini taratib turgan namoyandaning bepisandlarcha bandga solinishi shu xalqqa qilingan hurmatsizlik misoli ekan, shubhasiz. Erksizlik iztirobini hurriyat nasimidan bahra olmagan zotlar bilmagay, afsus. Balki afsuslanmoqqa ham hojat yo‘q. Chunki zanjirga o‘rgangan it uchun nadomat chekmaydilar-ku.
Abdukarim akamning hibs etilish Allohning bir hikmati ekaniga zarra shak keltirmagan qalb erksizlikning sovuq nafasini bir karra his etgach, betoqat bo‘ldi. So‘zlarimdan ko‘ringan iztirob shu’lalari shu betoqatlik uchquni edi.
Abdukarim akamning chiqishidan sevindim. Sevinchim o‘zimning erkim qo‘lga kirgan kundan ko‘ra ko‘proq bo‘ldi. Bir musulmon o‘ziga yetgan ozordan ko‘ra birodariga yetgan ozor sababli ozurda bo‘lar ekan, sevinchda ham maqom shunday bo‘lsa, ajablanmaslik kerak. Alisher Navoiy hazratlari yozadi:
Yuz jafo qilsa manga, bir qatla faryod aylamon,
Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram.
("Navodir ush-shabob", 410-g‘azal, 2-bayt)
Mazmuni:
Menga yuz jafo qilsa, bir qatla faryod aylamayman, lekin elga bir jafo qilsa, yuz qatla faryod etaman.
Bu bir mo‘minning sifati. Faxr etilmaydigan bir sifat. Chunki bu iymon sohiblarining har birida bo‘lishi o‘ta tabiiy bir xususiyatdir, zotan.
Shodligim shu xossaning muqobalasida o‘zini yashira olmadi, xolos.
Allohning dinida bo‘lganlarni aka-uka deb bilgan mo‘min dindoshiga sanchilgan bir tikandan o‘n og‘riq tuygani kabi unga nasib bo‘lgan bir shodlikdan o‘n karra ko‘proq sevinsa, bu uning qalbidagi nur, iymoniga ziynatdir. Maqtanilmaydigan, o‘ta tabiiy qaraladigan bir husn, xolos.
Qolaversa, qalbi hassos, o‘zi shujo, so‘zi zebo millat o‘g‘loni uchun quvonsa, Allohga shukrona aytsa, arziydi, inshaaAlloh.
Allohim bir Abdukarim akamni emas, barcha fidoyi millatparvarlarni O‘z panohida asrasin. Bizlarni hurlik ne’matidan ayro etmasin. Kishanlangan qalblarni iymon bilan eritsin va erk samosiga olib chiqsin, yuksaltirsin va tubanlikdan saqlasin!
Millatimiz omon bo‘lsin! Millatning, xalqning yulduzlari adashmasin. Kibrga berilmasin, ujbga qul bo‘lmasin, riyodan yiroq yashasin, Haq oldidagi so‘rog‘ini, xalq oldidagi mas’uliyatini zinhor unutmasin! Amiyn...
Zotan, borar joyimiz tuproq. Umrimizning o‘tib borishi shamolning yelishiga o‘xshaydi. Bu shamolning tilida oxirat kalimalari muttasil eshitiladi.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh!
Akrom Malik