Ahli do‘zaxning sharobi va taomi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, hamiym-o‘ta qaynoq suv ularning boshlaridan quyilur va teshib qorniga yetib borur. Bas, u qornidagi nimaiki bo‘lsa, qiymalab ikki oyog‘idan otilib chiqadi. Ana o‘sha sahrdir. So‘ngra yana avvaldan boshlanadi», dedilar».
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling. Va faqat musulmon holingizdagina bu dunyodan o‘ting» oyatini qiroat qildilar va so‘ngra: «Agar Zaqqumdan biror qatrasi bu dunyo diyoriga tomadigan bo‘lsa, albatta, ahli dunyoning ma’ishatlarini buzar edi. U taomi bo‘lganning holi nechuk bo‘lur», dedilar».
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yiring suv ila sug‘oriladi. Uni yutishga urinadi-yu, yuta olmas», degan qavli haqida «U aning og‘ziga yaqinlashtiriladi. Bas, u buni yoqtirmaydi. Qachon unga yaqinlashtirilsa yuzini qovuradi va boshining terisi uzilib tushadi. Qachon uni ichsa ichaklarini qiymalab tashlaydi. Oxiri orqasidan chiqadi. Alloh «Va ular o‘ta qaynoq suv ila sug‘orildilar. Bas, ichaklarini qiymaladi» deydi. Va yana «Agar yordam so‘rasalar, eritilgan ma’dan kabi yuzlarni qo‘g‘iruvchi suv bilan «yordam» beriladi. Naqadar yomon sharob va naqadar yomon joy!» deydi», dedilar».
Bu hadisi sharifda oyati karimalarni dalil qilib, ahli do‘zaxlarning ichimliklari qandoq bo‘lishi haqida so‘z yuritilmoqda.
«Yiring suv ila sug‘oriladi. Uni yutishga urinadi-yu, yuta olmas».
Yiringni og‘izga olishning o‘zi qattiq azob. Uni chanqoqbosdi uchun ichish ikki karra azob. Endi uni yuta olmay qiynalish esa, mislsiz azobdir.
«Agar yordam so‘rasalar, eritilgan ma’dan kabi yuzlarni qo‘g‘iruvchi suv bilan «yordam» beriladi. Naqadar yomon sharob va naqadar yomon joy!»
Juda qattiq chanqagan do‘zaxilar bir tomchi suvga zor bo‘lib, yordam so‘rasalar, ularga ma’dan yoki qattiq qizitilgan qora moy kabi narsa suv o‘rniga beriladi. U shunday issiq bo‘ladiki, agar kishining yuziga tegsa, uni qo‘g‘irib yuboradi. Ana shu narsani chanqoqbosti degan niyat bilan do‘zaxilar ichadilar. Bu dunyoda iymonsiz ketgan zolimlarning holi nima kechishini shundan ham bilib olsa bo‘ladi. Do‘zaxilar ichadigan sharob ana shunday sharob, ular yashaydigan joy ana shunday joy.
«Naqadar yomon sharob va naqadar yomon joy!».
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kal mo‘hli degani yog‘ni eritilgani degani. Qachon u anga yaqinlashtirilsa yuzining terisi uning ichiga tushadi. Agar G‘assoqdan bir paqiri dunyoga oqizilsa ahli dunyoni sasib ketar edilar», dedilar».
Ushbu to‘rtovini Termiziy rivoyat qilgan.
G‘assoq ahli do‘zaxning sharobi bo‘lib ularning badanlaridan oqqan yiringdan iboratdir.
Manba: islom.uz