Afg‘onistonda «So‘g‘diyona trans» vakillariga qurolli hujum uyushtirildi. Sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lmagan

Afg‘onistonda «So‘g‘diyona trans» vakillariga qurolli hujum uyushtirildi. Sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lmagan

O‘zbekiston TIV hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Afg‘onistondagi hodisa bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida 2020 yilning 20 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgani aytib o‘tildi.

Vazirlar Afg‘onistonning Balx viloyatida 20 avgust kuni sodir bo‘lgan “So‘g‘diyona trans” sho‘ba korxonasi vakillariga qurolli hujum hodisasini muhokama qilganlar. Hanif Atmar mamlakatning vakolatli organlari tomonidan voqea tafsilotlari sinchkovlik bilan tekshirilayotgani va unga aloqadar shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini so‘ragan. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bayonotiga ko‘ra, 20 avgust kuni “So‘g‘diyona trans” sho‘ba korxonasi ishchi-xodimlarini ish joyiga olib ketish uchun kelgan korxona koordinasiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, haydovchi va Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash batalyoni askari Xayraton ishchilar yashash bazasidan chiqishgan. Shundan so‘ng, temir yo‘lning taxminan 43 kilometri yaqinida ularga noma’lum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan. Hujum oqibatida korxona koordinasiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari jarohat olgan, ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash batalyoni askari va bir nafar hujum qilgan noma’lum shaxs) halok bo‘lgan.

Jarohat olgan korxona koordinasiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga yetkazilgan.  Bugun – 21 avgust soat 7:00 dan Hayraton stansiyasi o‘z ishini davom ettirish uchun ochilgan. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!