Advokat prokuratura va davlat xavfsizlik tizimidagi islohotlar borasida o‘z fikrini bildirdi

Advokat prokuratura va davlat xavfsizlik tizimidagi islohotlar borasida o‘z fikrini bildirdi

Advokat Allan Pashkovskiy Advokat nashriga bergan intervyusida prokuratura va davlat xavfsizlik tizimidagi islohotlar uning faoliyatida qanday sezilayotgani to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Shikoyat va va’dalar
«Prokuratura organlari bugungi kunda tez-tez (deyarli doimo) o‘zining nazoratchilik funksiyasini (xususan DXX tergov bo‘linmalarida dastlabki tergovning qonuniyligini) bajarmayapti, balki shunchaki ko‘zbo‘yamachilik qilyapti va fuqarolarning qonuniy manfaat va huquqlarini himoya qilmayapti. Tergovdagilarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishini to‘laqonli tekshirmayapti. Mazkur tergov organida sodir bo‘layotgan ko‘p sonli qonun buzilishlari haqida lom-mim deyilmayapti va prokuratura organlari shikoyatlarga asossiz «javobnomalar» yo‘llamoqda», - dedi u.

Avvalroq sobiq bosh prokuror Otabek Murodov advokatlarni qabul qilishga va dastlabki tergov organlarining mas’ul shaxslari tomonidan qonun buzilishlari bo‘yicha shikoyatlarni hal qilishga va’da bergandi. Allan Pashkovskiy o‘shanda hamkasblarini vaziyatdan foydalanishga va bosh prokurorga qonun buzilishlari to‘g‘risida xabar qilishga chaqirgandi.

Ammo oradan bir oz vaqt o‘tgach, advokat jurnal tahririyati bilan bog‘landi va bosh prokurorning javobidan qoniqish hosil qilmaganini bildirdi. U shuningdek, tahririyatga murojaati matnini taqdim etdi.

Tahririyat yaqinda u bilan bog‘lanib, murojaati yakunlari bo‘yicha izoh berishini so‘radi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u Bosh prokuraturaning javobidan qoniqmagan. Bundan tashqari, advokat mamlakat sud-huquq tizimidagi ayrim masalalar borasida o‘z munosabatini bildirgan.

«Qayd etish joiz, advokatlarning DXX tergov izolyatorlaridagi himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashuviga bog‘liq vaziyat nisbatan yaxshilangan (ammo qonun buzilishlari to‘laligicha bartaraf etilmagan). Hozircha advokatlarning o‘z himoyasi ostidagilar bilan uchrashuvlarida huquqlari butunlay buzilishi kuzatilmayapti. Ammo tergov boshqarmasi va DXX tergov izolyatorlarida pochta qutilari bilan bog‘liq muammolar hozircha mavjud», - deya qayd etgan Allan Pashkovskiy.

Advokatning fikricha, himoyachini tanlash bo‘yicha mavjud tartibga rioya qilmaslik, tergov ostidagi shaxslarga noqonuniy ta’sir qilish va ularni bitim asosida ish olib borayotgan advokatdan voz kechdirishga «erishish», ayblanuvchilarni qo‘rqitish, ayblanuvchi qarindoshlariga tahdid qilish (shu jumladan, sud bo‘layotgan davrda ham), ayblanuvchining o‘ziga nisbatan tahdidlarni qo‘llash, jinoiy javobgarlikning yuridik oqibatlari haqida yolg‘on ma’lumot berish, bitim asosida ish yuritayotgan advokatga tuhmat qilish (bu advokatlarning o‘ziga ancha kech ma’lum bo‘ladi), bitim asosida ish yuritayotgan advokat himoyaga kirishganida ayblanuvchining maxsus «instruktaj» qilinishi (ayblanuvchini advokat bilan u yo‘qligida «tanishtirish», ayblanuvchi uni hali ko‘rmagan bo‘ladi va, odatda, ko‘p hollarda bundan keyin ayblanuvchi uning yuridik xizmatlaridan voz kechadi), ayblanuvchini chalg‘itish va ochiqchasiga aldash kabi holatlar juda ko‘p va har qadamda kuzatilmoqda.

«Prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatidagi islohotlar hozircha shunchaki rasmiyatchilik va amalda tatbiq etilmayapti deb xulosa qilish mumkin. Amalda hammasi avvalgidek (xususan muntazam ravishda qonun buzilishi davom etmoqda), ba’zida esa avvagidan ham yomon davom etyapti. Buni BMT maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning 2019 yil 25 sentyabrda Xalqaro press-klubdagi dastlabki bahosi va «ayrim shaxslar»ga nisbatan jinoyat ishlari ham tasdiqlaydi», - dedi advokat.

Bosh prokuratura javobi
Advokat nashri Bosh prokuraturaning advokat shikoyatiga yo‘llagan javobini chop etdi.
«O‘zbekiston Respublikasi DXX tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan fuqarolar K. va A. ning (ism va familiyalar qisqartirilgan holda berilmoqda – tahririyat) himoyalanish huquqi buzilayotgani haqidagi murojaatingiz takroran ko‘rib chiqildi.

Qo‘rib chiqish natijasi bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
K.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida himoyachi sifatidagi ishtirokingiz borasida Sizga 05.03.2019 yilda 20/72-19-428-sonli javob xati yuborilgan.

Himoyangiz ostidagi A.ning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida Siz sudga murojaat qilishingiz mumkin, chunki unga va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha tergov O‘zbekiston Respublikasi JPKning 46-bobiga muvofiq yakunlangan», - deyiladi prokuratura javobida.

Yangi bosh prokurorga ariza
Shundan so‘ng Allan Pashkovskiy yangi bosh prokurorga ariza yozdi.
«Himoyam ostidagi A.ga nisbatan 2019 yil 7 yanvardan 22 maygacha bo‘lgan davrda qiynoqlar qo‘llanilgani hamda boshqa qator prosessual qonunbuzarliklar sodir etilgani haqida avvalroq bir necha bor shikoyat kiritgan edim. Sizga ishonib topshirilgan idora, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, 20-boshqarma (Qurolli kuchlar va Davlat xavfsizligi xizmati organlarida qonunlarning bajarilishi ustidan nazorat boshqarmasi) xodimlari tekshiruvda va javoblarni taqdim qilishda beparvolik, dalillarni ochiqdan-ochiq buzib talqin qilish, men yo‘qligimda himoyam ostidagi shaxs bilan uchrashish, nomuvofiq va chalkash javoblar qaytarish, ko‘rib chiqish muddatlariga amal qilmaslik va oshkora layoqatsizlik, murojaatlarimdan qaysi biriga (raqami va sanasini qayd qilib) javob berilayotganini ko‘rsatmaslik singari holatlariga yo‘l qo‘yildi va qo‘yilmoqda. Buning uchun ulardan biri intizomiy jazo – hayfsan oldi. Yuqoridagilardan istisno qilib, Bosh prokuratura (20-boshqarma) xodimini keltirib o‘tishim mumkin», - deb yozdi u.

Advokat fuqarolarning huquqlari amalda himoya qilinmayotganidan, prokuratura organlari o‘z vazifalarini bajarmayotganidan, qonun me’yorlariga amal qilmaslik holatlari davom etayotganidan va ushbu vaziyat bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashevning 2019 yil 17 iyun kuni OAV orqali e’lon qilingan rasmiy bayonotiga mutlaqo nomuvofiqligidan noroziligini bildirdi.

«Mening prokuratura organlariga fuqaro, advokat va maxsus prosessual sub’ekt sifatidagi shaxsiy ishonchim so‘ndi. Bugun men o‘z pozisiyamdan prokuraturaga sifatli ish uchun minnatdorchilik bildira olmayman va bunga hech qanday asos ko‘rmayapman. Sizdan oldin faoliyat yuritgan bosh prokuror 2019 yil 8 fevral kuni menga shaxsan aytgan gaplarning bari puch bo‘lib chiqdi. Afsuski, Sizning idorangiz tarafidan fuqarolar huquqlarining samarali va muvaffaqiyatli himoya qilinishiga hamda adolat o‘rnatilishiga umid qilish bema’no va asossiz ekan», - deb yozdi u.

Bosh prokuratura izohi
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, shu yilning iyun oyida Bosh prokuratura tomonidan “Falcon” advokatlik firmasi advokati A. Pashkovskiyning himoyasi ostidagi K. Yusupovga nisbatan DXX tergov izolyatorida O‘zbekiston Respublikasi DXX xodimlari tomonidan ruhiy qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risidagi murojaati ko‘rib chiqilgan.

Murojaatni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha quyidagilar aniqlangan.
«K. YU.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi DXX tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi (Davlatga xiyonat) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan sud tomonidan hibsga olish ko‘rinishidagi chora qo‘llanilgan. O‘zbekiston JPKning 46-moddasiga asosan K. YU. advokat himoyasi bilan ta’minlangan», - deyiladi unda.

2019 yil 24 aprelda K. Yusupovning murojaati asosida A. Pashkovskiyning ham uning advokati sifatidagi ishtiroki hamda uchrashuvi ta’minlangan. K. YU. bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari uning advokatlari ishtirokida olib borilgan.

«Shu bilan birga, Bosh prokuratura mas’ul xodimining K. YU. bilan o‘tkazgan uchrashuvi davomida u tergov izolyatorida o‘ziga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazilmaganini bildirgan. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar hisobini yuritish jurnali ko‘zdan kechirilganida ushlab turish davomida (10.12.2018 yildan) mahbus K. YU. DXX tergov izolyatori binosida advokati A. Pashkovskiy bilan uchrashuvlari ta’minlangan», - deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

DXX tergov izolyatorida boshqa shaxslar hamda operativ bo‘linmalar xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmagan. Yuqorida keltirilgan ob’ektiv dalillar asosida, tergov izolyatori xodimlari yoki DXXning boshqa xodimlari tomonidan K. YU.ga nisbatan iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majburlash maqsadida ruhiy bosim o‘tkazish holati aniqlanmagan.

2019 yil may oyida jinoyat ishi O‘zbekiston JPK talablari asosida ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga yuborilgan. Murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha advokat A. Pashkovskiyga yozma javob berilgan.

Shu bilan birga, qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida:
- Bosh prokuratura mas’ul xodimi tomonidan DXX tergov boshqarmasi va tergov izolyatori xodimlari bilan profilaktika ishlari o‘tkazilgan va ular advokatlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik hamda jinoyat-prosessual qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilish borasida ogohlantirilgan;

- Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi buzilishiga yo‘l qo‘ygani uchun Bosh prokuratura boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilingan.

Manba: zamin. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!