Adliya vazirligi Pugachevaning «chet el agenti» haqidagi ma’lumotga ega emas

Adliya vazirligi Pugachevaning «chet el agenti» haqidagi ma’lumotga ega emas

Rossiya Federasiyasi Adliya vazirligi qo‘shiqchi Alla Pugachevani «chet el agentlari» deb nomlangan reestrga kiritishga ruxsat beruvchi ma’lumotga ega emas. Bu haqda Adliya vazirligining Davlat dumasi deputati Aleksey Juravlev so‘roviga rasmiy javobida aytiladi. Hujjat suratlari 29 iyul, dushanba kuni Kseniya Sobchakning Telegram-kanalida e’lon qilindi. Shu bilan birga, javobda «Agar Pugachevaning harakatlarida chet el agenti belgilari aniqlansa», Adliya vazirligi uni reestrga kiritish masalasini ko‘rib chiqishi ta’kidlanadi.

Davlat dumasi Mudofaa qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlev 9 iyul kuni Adliya vazirligiga Pugachevani «chet el agenti» deb tan olish iltimosi bilan murojaat qildi. Deputat qo‘shiqchini «noqonuniy harakatlarda» aybladi. Bundan tashqari, Juravlev artistni Rossiya Federasiyasining harbiy faoliyati haqida ma’lumot to‘plashda aybladi.

Avvalroq, 9 iyul kuni Pugacheva Instagram ijtimoiy tarmog‘ida Kiyevdagi «Oxmatdet» kasalxonasiga raketa tushishi natijasida jarohatlangan bolaning surati tushirilgan postni e’lon qilgan edi. «Xudo sabrli, lekin hamma narsaning chegarasi bor», deb yozgan Pugacheva surat ostida.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumidan so‘ng Alla Pugacheva va uning eri Maksim Galkin Rossiyadan Isroilga jo‘nab ketishdi. Galkin 2022 yilda «chet el agenti» sifatida tan olingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!