Abituriyentlar uchun: kelgusi yili majburiy blokda adabiyot va jahon tarixidan test savollari bo‘lmaydi

DTM o‘z rasmiy kanalida kelgusi yildagi testlar haqida ayrim savollarga javob berishni boshladi. Ammo ushbu savol-javoblarda yangi gap yo‘q, Prezident qaroridagi bor ma’lumotni shunchaki qayta eslatishmoqda. Toki yangi tartibga oid hujjat rasman tasdiqlanmaguncha yangi gap ayta olishmasa ham kerak.
Kelgusi yilgi test sinovlari haqida bizga quyidagilar ma’lum:
? kelayotgan yilda 5 ta fandan imtihon bo‘lishi aniq, bu Prezident qarorida belgilangan. Ya’ni bu masala allaqachon hal etilgan, faqat tartibi hozircha noma’lum xolos;
? 5 ta fandan test bo‘lishga oid tartib, faqat davlat OTMlariga taalluqli. Shu paytgacha bo‘lgani kabi, bu yangi tartib harbiy, diniy, xususiy, nodavlat va xorijiy OTMlarga aloqador emas;
? Prezident qarorida testlar ikki bo‘limga ajratilishi belgilangan, birinchi bo‘limda barcha uchun majburiy uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi; ikkinchi bo‘limda yo‘nalishga mos ikkita maxsus fan belgilangan;
? Qarorda ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) deb ko‘rsatilganligi sababli, majburiy blokda adabiyot fanidan test savollari bo‘lmaydi;
? Qarorda O‘zbekiston tarixi deb ko‘rsatilganligi uchun, majburiy blokda jahon tarixi fanidan test savollari bo‘lmaydi.
Yuqoridagi ma’lumotlar tushunarli, ammo asosiy savollarga abituriyentlar qachon javob topishadi?
• majburiy blokda o‘tish bali bo‘ladimi yoki ushbu uchta fandan necha ball olsa ham farqi yo‘qmi, umumiy 5 ta fandan to‘plagan bali hisobga olinadimi?
• maxsus blokda shundoq ham ona tili, matematika va tarix fanidan savollar bo‘ladigan yo‘nalishlarda tartib qanday bo‘ladi? Ular 2 marta matematika, ona tili, O‘zbekiston tarixidan savollarga javob beradimi?
• ayrim yo‘nalishlarda fanlar bloki o‘zgarishi haqida gap-so‘zlar yuribdi, masalan yurisprudensiya yo‘nalishida yana tarix asosiy fanga aylantirilishi mumkin ekan. Umuman olganda qaysi yo‘nalish qaysi fandan imtihon topshirishi qachon aniq bo‘ladi? Axir abituriyentlar buni oldindan bilishi kerakku! Yoki o‘tgan yilgilarga o‘xshab, yana testga 1 oy qolganda ma’lum qilasizlarmi?
• qaysi darsliklardan test savollari tuzilishi qachon e’lon qilinadi yoki bu ham uzoq vaqt sir tutiladimi?
Testdagi shaffoflik deganda faqat hammayoqqa kamera qo‘yish, katta pavilyonlarda test o‘tkazish tushunilmaydi. Eng avvalo shaffoflik deganda imtihonlarga oid barcha zarur ma’lumotlar oldindan e’lon qilinishi, abituriyentlar hamma savollarga ochiq-oydin javob topa olishi, hech narsa mavhum bo‘lmasligi muhim.
Bizda esa ming afsuski eng muhim ma’lumot va jiddiy o‘zgarishlarni testga kam vaqt qolganda e’lon qilishadigan juda yomon odat bor. Bu abituriyentlarga nisbatan adolatsizlik ekanligini yoki tushunishmaydi, yoki tushunsa ham pinagini buzishmaydi. «Kerak bo‘lsa ko‘nikadi» degan prinsipda yuradigandek tuyulishadi. Qani, ko‘ramiz, balki joriy yilda mana shu «kasallik»ka barham berilar.
Muallif: Xushnud Xudoyberdiyev