Zomin tog‘lariga uya qurgan “shartli dushman” kuchlari yo‘q qilindi
Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax garnizoni qo‘riqlov bo‘linmasi tomonidan jangovar tayyorgarlik mashqlarida shartli terrorchilar yo‘q qilindi.
Dastlab olingan ma’lumotlarga asosan, Zomin tog‘laridagi tashlandiq binoda noqonuniy qurollangan kimsalar yashiringan haqidagi xabar o‘rganildi.
“Yig‘in” signali asosida bo‘linma shaxsiy tarkibi jangovar vazifani bajarishga shay bo‘lgach, uch guruhga bo‘linib, parallel ravishda harakat qilishga kelishib olindi. Ob-havoning noqulayligi harbiylarning ruhiyatiga va jangovar qobiliyatiga zarracha ta’sir qilmadi.
Ko‘zda tutilgan nuqtaga yetib kelingach, bino chor tarafdan qurshab olindi va dastlab noqonuniy qurollangan to‘daga qurollarni topshirib, taslim bo‘lish haqida ogohlantirish berildi. Ammo bu besamar ketdi.
Shundan so‘ng leytenant Sunatillo Rashidov tashabbusni o‘z qo‘liga olib, binoni ishg‘ol qilishga kirishdi. Qisman harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shartli dushman qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Hamjihatlikdagi kuch va komandirlar tomonidan nostandart vaziyatga mos ravishda qarorlar qabul qilinishi qisqa vaqtda o‘z samarasini berdi.
Jangarilar qo‘lga olindi va to‘liq zararsizlantirildi.
– Jangovar tayyorgarlik mashqi real jang vaziyatiga mos ravishda o‘tkazildi, – deydi mayor Rashid Ilhomov. – Ushbu mashg‘ulotdagi har bir harakat tahlil qilinadi. Kamchiliklar bartaraf etilib, yutuqlar e’tirof etiladi.