Zelenskiy AQSh prezidenti maxsus vakilining tinchlik kelishuviga “beshta hudud” masalasi ham kiritilishi haqidagi so‘zlariga izoh berdi

"Biz uchun “qizil chiziqlar” bu — rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarimizning “Rossiyaga tegishli” deb tan olinishi hisoblanadi. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘z vakolat doirasidan tashqaridagi masalalarni muhokama qilmoqda", — deya ta’kidladi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Odessaga tashrif buyurgan NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Zelenskiy, shuningdek, AQSh bilan foydali qazilmalar bo‘yicha olib borilayotgan kelishuv muzokaralarini ham izohladi. Prezident jarayon "ijobiy shaklda" davom etayotganini qayd etdi.
"14 aprel kuni texnik guruhlarning uchrashuvi o‘tkazildi va bunday darajadagi uchrashuvlar ham onlayn, ham oflayn shaklda butun hafta davomida davom etadi. Barcha muhokamalardan so‘ng, jamoalar qanday kelishuv loyihasi ishlab chiqqanini ko‘rsatadi", — deya izoh berdi Ukraina prezidenti.
Avvalroq AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya va Ukraina o‘rtasida “tinchlik kelishuvi”ga erishish bo‘yicha ishlar davom etayotganini aytgan edi. Unga ko‘ra, bu kelishuv "besh hudud ustidan nazorat"ni ham o‘z ichiga oladi, biroq u aynan qaysi hududlar haqida gap ketayotganini ochiqlamagandi.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Uitkoff Trampga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishning eng tezkor yo‘li — 2022 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Ukrainaning to‘rt hududi ustidan nazoratni Moskvaga berish ekanini bildirgan.
Putin tinchlik kelishuviga erishish uchun Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporje viloyatlaridan Ukraina qo‘shinlari chiqarilishini talab qilgan. Bundan tashqari, Rossiya 2014 yildan buyon Qrimni o‘z hududi deb hisoblaydi. Ukraina Moskvaning hech qaysi hududiy da’volarini tan olmaydi.