Neft bozori larzaga kelmoqda

2025 yil 28 aprel holatiga ko‘ra, Brent markali neft narxi bir barrelga 66,08 dollargacha tushdi. Bu pasayish jahon yoqilg‘i bozorida taklif ortiqchaligidan xavotir va global iqtisodiy o‘sish borasidagi noaniqlik bilan bog‘liq.
Iyun oyi uchun WTI nefti fyucherslari ham bir barrelga 62,38 dollargacha arzonlashdi.
Dushanba kuni ertalab narxlar biroz ko‘tarildi: Brent bir barrelga 67,09 dollargacha, WTI esa 63,26 dollargacha qimmatlashdi. Biroq, umumiy tendensiya pasayishda davom etmoqda. Bunga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo kelishmovchiliklari tufayli jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik, shuningdek, 5 mayda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda OPEK+ mamlakatlarining neft qazib olishni oshirishi mumkinligi haqidagi taxminlar sabab bo‘lmoqda, deya xabar bermoqda Reuters.
Tahlilchilarning bashoratlari ham neft narxining yanada pasayishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, HSBC Brentning 2025 yildagi o‘rtacha narxini bir barrelga 68,5 dollargacha pasaytirdi, AQSh Energiya axboroti boshqarmasi (EIA) esa o‘rtacha narxni 67,87 dollar atrofida bo‘lishini kutmoqda.