Yurtimizda immunizasiya haftaligi o‘tkazilmoqda

Yurtimizda immunizasiya haftaligi o‘tkazilmoqda

Har yili aprel oyining oxirgi haftaligida dunyo bo‘ylab, jumladan, JSST Yevropa mintaqasida “Immunizasiya haftaligi” kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbirlar mamlakatimizdagi davolash-profilaktika muassasalarida 21 aprelda boshlangan bo‘lib, 27 aprelgacha davom etadi.

🩺 Bunda aholi orasida yuqumli kasalliklarning oldini olishda vaksinasiyaning ahamiyati to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borilib, bolalarni emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

🎉 Haftalikning bu yilgi dasturida jahon bo‘ylab Kengaytirilgan immunizasiya dasturining 50 yilligi nishonlanmoqda. Ushbu dastur doirasida so‘nggi yarim asr davomida aholi orasida vaksina orqali boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tufayli ko‘plab insonlar, xususan, bolalarning hayoti saqlab qolingani, aholining umri uzaygani ahamiyatga molik.

💉 Kengaytirilgan immunizasiya dasturi 1974 yilda yaratilganida bolalarni oltita kasallikdan himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bugungi kunda u insonning butun hayot sikli davomida emlash tavsiya etiladigan 13 ta universal vaksinani va ma’lum vaziyatlarga qarab tayinlanadigan 17 ta qo‘shimcha vaksinani o‘z ichiga olgan holda kengaytirildi.

— Bolalarning sog‘lom voyaga yetishida vaksinasiya eng samarali usullardan biri hisoblanadi, — deydi Sanitariya-epidemiologiya va aholi salomatligini muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova. — Immunizasiya haftaligi davomida olib borilayotgan emlash tadbirlari kelgusida yuqumli xastalikliklar bilan kasallanishning oldini olishga qaratilgan.

🌐 JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda pandemiya davrida jahon bo‘yicha immunizasiya yo‘nalishida o‘sish biroz sekinlashdi. 2022 yilda dunyo bo‘ylab 2021 yilga nisbatan 4 million nafardan ko‘proq bola emlangan bo‘lsa-da, 20 million nafar bola bir yoki bir nechta vaksina dozasini olmagan. Shunday bo‘lsa-da, jahonda immunizasiya qamrovi yuqori — har 5 boladan 4 nafari emlashning to‘liq kursini oladi. Bu esa kelgusida ularning hayoti saqlanib qolishini anglatadi.

✅ Haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu — har bir inson vaksinalarning hayotni saqlab qoluvchi afzalliklaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash.

📌 Eslatib o‘tamiz, yurtimizda bolalarni rejali ravishda 13 turdagi yuqumli kasalliklar — gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiyasi, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiyasi, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk, odam papilloma virusiga qarshi vaksinalar bilan emlash o‘tkaziladi.

‼️ Hozirda mamlakatimizda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etmoqda. (https://telegra.ph/file/641038bd9d3ce0c167925.png)


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!