“Yunusobod tajribasi” asosida barcha imkoniyatlar ishga solinadi

Bugungi kunda Toshkent nafaqat mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi, poytaxti, balki Markaziy Osiyodagi eng yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgan yirik shahardir. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar poytaxtimizni zamonaviy, yashash uchun qulay hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, poytaxtimizni yanada taraqqiy ettirish, shahar aholisi turmushini yanada yaxshilashga oid muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning ahamiyati va zaruratiga to‘xtalib, bu haqda o‘z munosabatlarini bildirishdi.
Ilhom ABDULLAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi:
— Davlatimiz rahbari poytaxtimizni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari masalasiga to‘xtalib, megapolisni barqaror rivojlantirishga qaratilgan qator ilg‘or tashabbuslarni ilgari surdi.
Shu o‘rinda saylovchilarimni — Yunusobod tumani aholisini tabriklab qo‘ymoqchiman. Mazkur yig‘ilishga tayyorgarlik bosqichida davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan Yunusobod tumani misolida shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganuvchi keng qamrovli ekspert guruhi tuzildi. Prezidentimiz mazkur tumanda istiqomat qilayotgan fuqarolarning haqiqiy iqtisodiy ahvoli qanday, hudud aholisi qanday muammolarga duch kelayotganini so‘zda emas, amalda o‘rganish maqsadida mutaxassislar oldiga bir qator jiddiy masalalarni qo‘ydi.
Ko‘p qirrali o‘rganishlar olib borilib, uning yakuni bo‘yicha batafsil natijalar Prezidentga taqdim etildi. Ushbu ma’lumotlar asosida davlatimiz rahbari poytaxtni yaqin kelajakda rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyani shakllantirdi. Kambag‘allikka barham berish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish kabi masalalar Prezident qo‘ygan vazifalarning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘ldi.
Iqtisodiy taraqqiyot masalalarini hal etish, fuqarolarning biznes faolligini oshirish, bank-moliya xizmatlari bo‘yicha faol mijozlar jamoasini shakllantirish uchun bank sektori salohiyatidan har tomonlama unumli foydalanish kutilmoqda.
Eng asosiysi, davlatimiz rahbari Yunusobod tumanini belgilangan vazifalarni amalga oshirishning amaliy minbari sifatida belgilab berdi. Aynan tumandagi mahallalar hududida, keyin esa butun poytaxtimizda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Ishonchim komilki, bu hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga g‘oyat ijobiy ta’sir ko‘rsatib, shu kungacha hal etilmagan muammolarni hal etish imkonini beradi.
Dilorom FAYZIYEVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi:
— Sessiyada davlatimiz rahbari tomonidan zamonaviy megapolis darajasiga chiqqan Toshkentda shahar rivoji uchun zarur infratuzilma, resurs va sharoitlar yetarli bo‘lsa-da, aholi turmushini yanada yaxshilash uchun foydalanilmayotgan imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bugungi kunda dunyoda yuzaga kelgan og‘ir va tahlikali muhit, hamkor davlatlardagi noxush hodisalarning iqtisodiyotimizga, aholi daromadlariga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni safarbar qilish, investorlar va tadbirkorlar faoliyati uchun sharoitlar yaratish bilan bir qatorda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash, uning oldini olish kabi ishlarda yangi yondashuvlarni qo‘llash davr talabiga aylanmoqda.
So‘nggi yetti yil davomida Yunusobod tumanida ro‘y bergan o‘zgarishlar misolida shahrimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish imkoniyatlari ochib berildi. Tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investisiya kiritilib, korxona, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari 3,5 mingtaga, ish o‘rinlari 20 mingtaga ko‘payib, 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurilganligi, 8 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil qilinib, 3 ta oliygoh ishga tushganligi birgina Yunusobod hududida ochilgan imkoniyatlardan darak beradi. Tumandagi 64 ta mahallada, 376 ming kishi istiqomat qilishi e’tiborga olinsa, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun “Yunusobod tajribasi”ni yo‘lga qo‘yish taklif etildi va ko‘rsatmalar berildi.
Yunusobod poytaxt markazidagi eng qulay hududda joylashgan. Shu bois, bu yerda yangi investisiyalarni jalb qilishga sharoit yaratish maqsadida eskirgan qiyofadagi binolar o‘rnida zamonaviy loyihalar asosida biznes faoliyatini yuritish mumkin. Tahlillar natijasida 7 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochilishi, odamlar daromadini ko‘paytirish, tuman iqtisodiyotini barqaror o‘stirish bo‘yicha banklarni faollashtirish belgilandi. Bunda ish o‘rni yaratgan mijozlarga kredit foizi tushirib borilishi bandlikning ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Bir necha yildan buyon Yunusobod dehqon bozoridan foydalanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘tarilayotgan masala — ushbu bozorni zamonaviy talablarga muvofiq bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish va kengaytirish bilan qo‘shimcha maydonlar, qulayliklarning vujudga keltirilishi nafaqat tadbirkorlar va dehqonlar, balki tuman aholisi manfaatlariga ham xizmat qiladi.
Gulruh AGZAMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi:
— Har qanday xotirjamlik, osoyishtalik, birdamlik zamirida rivojlanish, ertangi kunga ishonch bo‘ladi. Qayerda mutasaddilar faoliyatida sustkashliklar, loqaydlik, uzoqni ko‘ra bilmaslik, ilmsizlik bo‘lsa, o‘sha yerda parokandalik, ishsizlik, huquqbuzarlik, jinoyat bo‘ladi.
Sessiyada davlatimiz rahbari tumanlarda ishga solinmayotgan imkoniyatlarni ko‘rsatib, Toshkent shahrida loyiha qilish istagidagi investor va tadbirkorlarning ko‘pligiga, lekin buning uchun poytaxtda yer kamligini, oltinga tengligini uqtirdi. Foydalanilmayotgan joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, 979 ta yer uchastkasini auksionga chiqarish, qishloq xo‘jaligidan sanoat va aholi punkti toifasiga o‘tgan 175 gektarlik yerni berish orqali ularga sharoit yaratish mumkinligiga e’tiborni qaratib, Yangihayot tumanida 764 gektar yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etilayotganini, xorijiy va mahalliy tadbirkorlar u yerda 2,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif bildirganini, natijada o‘n minglab ish o‘rni ochish imkoniyati borligini misol qilib keltirdi.
Tahlillarga ko‘ra, poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda 98 ming bo‘sh ish o‘rni mavjudligiga qaramay, bugungi kunda iqtisodiy faol aholidan 80 mingi ishga muhtoj. Prezident Toshkentda natija qilish uchun imkoniyat ham, resurs ham, sharoit ham yetarli ekani, buning uchun shahar va tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks vakillari uyg‘onib, katta marralar olib, qattiq ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, poytaxtimizni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari Yunusobod tumani misolida tahlil qilindi.
Mahallalarda yana yangi bir tizim joriy etilishiga to‘xtalib o‘tildi. Endilikda aholi daromadlarini oshirishda banklar yirik mijozlari bilan mahallalar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘ladi. Banklar mijozni shakllantiradi, tarbiyalaydi. Banklarga odamlar daromadini ko‘paytirish, tuman iqtisodiyotini barqaror o‘stirish bo‘yicha yangi mas’uliyat belgilanadi. Ish o‘rni yaratgan mijozlarga kredit foizi tushirib boriladi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarda moliyaviy daromadlarni samarali boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish barobarida unumli foydalanishlarini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yana bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Ayni kunlarda imzolangan muhim hujjatlar mazmun-mohiyati keng jamoatchilik, shahar faollari bilan o‘rtoqlashildi.
Ahamiyatli jihati, Yunusobod tumani belgilangan vazifalarni amalga oshirishning amaliy maydonchasi sifatida belgilab berildi. Shu kungacha mamlakatimizda Uychi, Sayxunobod tumanlari tajribasi hayotga tatbiq etilayotgan edi. Navbatdagi joyida o‘rganilib, chuqur nazariy va amaliy tahlillarga asoslangan mazkur tajriba Toshkent shahri uchun dasturilamal yo‘l xaritasi bo‘lishi bejiz emas. Zero, Toshkent — bu poytaxt, Vatanimiz yuragi, O‘zbekistonning tashrif namunasidir.