Yulduz Usmonova «Sochnaya dolina» egasimi? (+video)
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonovaning «tirikchiligi yurmay qolgan odam reklamaga o‘zini urmoqda, reklamaga o‘zini urdi degan odam o‘ldi degani, mazmunidagi ovozli xabari tarqalgan edi. Keyinroq Yulduz Usmonova tomonidan «Sochnaya dolina» — bizning oilaviy sharbat», deya reklama qilgani tarmoqlarda katta muhokama va kulgularga sabab bo‘lgandi.
Yulduz Usmonova suhbat davomida ushbu holatga izoh berdi.
- Men reklama qilgan bo‘lsam, u sharbatni qanchalik tozaligini ham ko‘rsatib beryapman. Ular o‘zini-o‘zi reklama qilayotgan bo‘lsa, “Xalqlar do‘stligi” saroyiga pulni tikib qo‘ygandan so‘ng ish boshlanadi. O‘zimning ashulamni o‘zim yozaman, meni reklama qilayotgan joyi yo‘q. “Bu sharbat yaxshi”, deyayotgan bo‘lsam, men yomon sharbatni reklama qilayotganim yo‘q. Birorta odam o‘sha sharbatdan zaharlanib qolmasin deya, borib, ularni tekshiraverib ezilib ketaman.
Yana san’yatkor «Sochnaya dolina» kompaniyasi Yulduz Usmonovaga tegishli», degan mazmundagi gaplarga ham oydinlik kiritdi.
- Meni negadir, o‘sha yerning reklamasiga direktor qilib o‘tkazib qo‘yishadi (kulib). Men ham yuqsin-yuqsin qilib o‘tiraveraman. Egasiga buyursin, haqiqatdan ham, zo‘r qilib qo‘yishgan ekan. Demak, reklamaga o‘zini urgan odam o‘lmas ekan. Lekin men reklama qilib, hamma joyga o‘zimni urganim yo‘q. Hozirda reklama qilmaganimga ham qo‘yishmayapti-ku, ammo meni o‘shalarga ham zor qolgan joyim yo‘q. Avvallari nima bo‘lardi, kechirasizlar-u bitta birrovning pulini berib, “Mana buni reklama qilib bering”, deyishardi. Sen million-million topasan-u, men uni uch tiyinga reklama qilamanmi? Bankni reklama qildiradi-yu, uning beradigan puli konsertga ham yetmaydi. Reklamadan keladigan pulni xo‘jayinim konsertga tikib yuboradi, deydi Yulduz Usmonova.