Yo‘l yig‘imi uchun to‘lovlarni toifalashtirish qanchalik muhim?

Mamlakatimizda avtomobil yo‘llari tarmog‘i bo‘yicha yuzaga kelgan haqiqiy holat va rivojlanish darajasi yo‘l xo‘jaligining barcha yo‘nalishlariga doir aniq va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish, avtomobil yo‘llarini boshqarishda hamda iqtisodiyot va aholi ehtiyojlariga muvofiq respublikada yo‘l tarmog‘i holatini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar qabul qilishni taqozo etdi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘l sohasida zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan mutaxassislarni tayyorlash, jumladan xalqaro reytinglarda birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiruvchi xorijiy universitetlar bilan malakali kadrlarni tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 2023 – 2026 yillarda ko‘prik inshootlarini tiklash dasturiga muvofiq, hududlardagi 897 dona ko‘prik qayta tiklanadi. 2023 – 2026 yillarda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturiga muvofiq, 50 ming km dan ortiq avtomobil yo‘li, shundan 13,5 ming km dan ortiq ichki yo‘l ta’mirlanadi. 25,3 ming kmdan ortiq tuproq yo‘l 2025 yil yakuniga qadar to‘liq qattiq qoplamali yo‘llar toifasiga o‘tkaziladi.
Qurilayotgan avtomobil yo‘llari sifatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’ektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi.
Bugun mavjud yo‘llarning aksariyat qismi 10 tonnadan ortiq yukni ko‘tarishga mo‘ljallanmagan. Ammo bu yo‘llarda 20 va undan ortiq tonnalik yuk mashinalarning betartib harakatlanishi natijasida yo‘llar muddatidan ilgari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Muxtor Hojimatov hozirgi vaqtda 10 tonnalik mashina ham, 50-60 tonnalik mashina uchun ham yo‘l yig‘imi uchun bir xil to‘lov joriy etilganini qayd etgan. Deputat ushbu yig‘im miqdorini mashinalar toifalariga qarab belgilash bo‘yicha taklifni ilgari surgan. Bu borada Transport vazirligi mutasaddilari ham bu o‘rinli taklif ekanini va soha vakillari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.
Yo‘llarni asrash maqsadida xalqaro tajribada yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilarini o‘rnatish amaliyotidan keng foydalanilib, ushbu tarozilarni xususiy sheriklik asosida o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan. Shu bilan birga, sohada davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida bir qator loyihalar, jumladan pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalari ham amalga oshiriladi.