Yozning o‘zgaruvchan havosida nega bosh og‘riydi?

Yozning o‘zgaruvchan havosida nega bosh og‘riydi?

Yozning issiq kunlarida havo o‘zgarib, osmonda bulut paydo bo‘lsa, ko‘pchilik insonlar o‘zini juda yomon his qiladi. Ayrimlarning organizmi esa hatto bunday kunlar yaqinlashayotganini avvaldan sezadi: kayfiyati o‘zgara boshlaydi, bo‘g‘imlarida og‘riq, holsizlik, tez charchash, uyquchanlik, asabiylik kuzatiladi.

Xo‘sh, buning sabablari nimada? Bu qanday omillar bilan bog‘liq?

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu mavzuda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor ALIMOVga murojaat qildi.

— Tananing ob-havo o‘zgarishiga reaksiyasi "meteorologik qaramlik" deb ataladi, — deydi shifokor. — Bu organizmning normal ishlashi va o‘zgaruvchan muhitga moslasha olishining belgisidir. Ammo ba’zi odamlar ushbu holatga boshqalardan ko‘ra ko‘proq sezgir bo‘ladi. Ulardagi surunkali kasalliklar alomatlari esa aynan bulutli kunlarda yanada zo‘rayadi.

Misol uchun, 30 daraja issiqda va 70 foizdan ortiq namlikda tana sovib, yurak-qon tomir tizimi odatdagidan ko‘ra ko‘proq ishlashga majbur bo‘ladi. Bunday paytda ko‘p terlash oqibatida tomirlarda qon miqdori kamayib, miyaga kislorod yetib borishi qiyinlashadi.

Shuningdek, o‘zgaruvchan ob-havoda yurak mushaklari, bosh miya, ko‘z tomirlari va buyrakda o‘zgarishlar ro‘y beradi. Orqa miya va bo‘g‘imlarda og‘riqlar, qon bosimining ko‘tarilishi, nafas olish va asab tizimi muammolari kuzatiladi.

Ushbu holatlarga asosan surunkali kasalliklar bilan og‘riydigan yoshi katta insonlar, chekish va spirtli ichimliklar iste’mol qiluvchi shaxslar, bosh jarohati va suyak-bo‘g‘im xastaliklariga chalingan bemorlar hamda faol turmush tarziga ega bo‘lmagan kishilar duch keladi.

Qolaversa, juda ko‘p yog‘li taomlar iste’mol qiluvchi insonlar, me’yordan ortiq qahva ichadiganlar ham xavf guruhiga kiradi. Eng yomoni, meteorologik qaramlik progressiv xastalik bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan uning alomatlari kuchayadi va bemor noxush holatlarni yanada og‘irroq his qiladi.

Agar inson ushbu bosqichda o‘z salomatligiga jiddiy g‘amxo‘rlik qilmasa, yomon oqibatlarga, xususan, insultni boshdan kechirishi mumkin.

Shunday ekan, buning oldini olish uchun albatta shifokorga ko‘rinish va uning tavsiyalariga amal qilish lozim. Toza havoda sayr qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanish, taomnomaga ko‘proq meva-sabzavotlarni kiritish ham bu muammoning oldini olishda katta yordam beradi. Osh tuzi, dudlangan, konserva va achchiq yeguliklarni kamroq iste’mol qilgan ma’qul.

Ayniqsa, yozning issiq kunlarida juda to‘yib ovqatlanmaslik, aksincha ko‘proq suv ichish tavsiya etiladi. Yeguliklarda askorbin kislotasi (vitamin S), karotin (vitamin A), mineral moddalar, to‘yinmagan yog‘ kislotasi miqdori yetarli bo‘lishi muhim.

Bundan tashqari, immunitet, yurak-qon tomir hamda hazm tizimlarini mustahkamlash haqida qayg‘urish lozim. Agar issiq va dim havoda ta’sirchanlik ortsa, bunday insonlarga organizmni kislorod bilan to‘yintirishga yordam beruvchi jismoniy mashqlar — sayrga chiqish, nafas gimnastikasi, piyoda yurish, tanani sovuq suv bilan artish tavsiya qilinadi.

Chidamlilikni oshirish uchun basseynda cho‘milish, ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlarini kanda qilmaslik hamda oyoqqa sovuq va iliq suvli vanna qilish ham muammoni bartaraf etishga yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!